Sharqda yangi blok tuziladimi?

Olam

image

Agar Moskva Nyu-Dehli va Pekinga ikki tomonlama munosabatlardagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga yordam bersa, Rossiya, Hindiston va Xitoy dollar hukmronligidan “qutulish” g‘oyasi asosida yangi siyosiy va iqtisodiy blokda birlashishi mumkin. Bu haqda “The Diplomat” nashri yozmoqda.

G‘arb gegemonligidan xavotir so‘nggi paytlarda Hindiston strategik madaniyatining muhim qismiga aylangan. Nyu-Dehli yillar davomida G‘arb davlatlarining keng tarqalgan iqtisodiy sanksiyalari va dollar hukmronligi borasida xavotirda bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoy ham Tayvan atrofida keskinlikning kuchayishi sharoitida G‘arb tomonidan ehtimoliy iqtisodiy javob zarbasidan qo‘rqqan va unga qarshi moslashuvchan mudofaa mexanizmlarini shakllantirishdan manfaatdor bo‘lgan. Rossiya esa mazkur sharoitda Xitoy va Hindiston bilan savdoni qayta yo‘naltirish uchun G‘arb davlatlarining misli ko‘rilmagan sanksiyalar bosimiga qarshi milliy valyutalarda hisob-kitoblarni o‘z ichiga olgan parallel iqtisodiyotni qurishga kirishgan.

Biroq Hindiston davlat chegarasidagi uzoq muddatli mojarolar tufayli dollardan xoli parallel iqtisodiy tizim qurish uchun Xitoy bilan faol hamkorlik qilishni boshlashga hozir tayyor emas. Xususan, 2020 yilda chegaradagi qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng Hindiston hukumati smartfonlar uchun Xitoyning ko‘plab ilovalarini bloklab qo‘ygan va xitoylik investorlarning respublikadagi loyihalarga kirishini cheklagan. 

“Ammo Hindiston bilan chegaradagi qarama-qarshiliklarni hal qilish so‘nggi paytlarda Xitoy rahbariyati nazarida borgan sari ahamiyatsiz masalaga aylanib bormoqda. Pekin o‘zini AQSHga global strategik raqib sifatida ko‘rsatishga intiladi”, deydi siyosiy sharhlovchi Muhammad Zishan.

Aytilishicha, bunday sharoitda Rossiya dollarga muqobil iqtisodiy tizimni ishlab chiqish uchun uch mamlakat manfaatlarining yaqinlashuvidan – G‘arb sanksiyalari ostida qolish qo‘rquvidan foydalanishi kerak. Agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikki davlat rahbarlarini oliy darajadagi maqsadga erishish uchun ular o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish zarurligiga ishontira olsa, sharqda yangi blok tashkil etish haqida gapirish mumkin. 
“Shanxay hamkorlik tashkiloti yoki 2023 yil oxirigacha bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida u [Putin] shunday imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin. Vashington esa bu vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatishi kerak”, deb ta’kidlaydi Zishan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy va Braziliya savdo operatsiyalarida o‘z valyutalari foydasiga dollardan voz kechishga qaror qilganini rasman e’lon qilgandi. Endilikda ikki davlatda AQSH valyutasini oldindan konvertatsiya qilish o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuan yoki realda (Braziliya reali – mamlakat pul birligi) amalga oshiriladigan bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Hindiston G'arb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing