Metapnevmovirus xavfli virus...mi?

Salomatlik

Qator mamlakatlarda metapnevmovirus infeksiyasi avj olmoqda. Xususan, Xitoy shifoxonalari isitma, yo‘tal va tomoq og‘rig‘i bilan og‘rigan bolalar bilan to‘lib ketgan. So‘nggi kunlarda bu kasallikka chalinganlar soni ortib bormoqda. Virus tarqalishi munosabati bilan Xitoy shay holatga keltirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘istonda ham ushbu kasallik 30 kishida qayd etilgan. Xo‘sh, bu axborotlar qanchalik asosli? Umuman, metapnevmovirus o‘zi qanday kasallik? Uning belgilari nimalarda namoyon bo‘ladi va uning davolash jarayonlari qanday kechadi? 

QALAMPIR.UZ'ning bu savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Ikromov javob berdi:

"Metapnevovirus infeksiyasi yangi infeksiya emas, ya’ni ayrim saytlarda berilayotgandek, yangi yoki boshqa bir turdagi bugun paydo bo‘lib qolgan virus emas. Bu virus XX asrning 60-yillarida birinchi marta odamlar o‘rtasida tarqalayotgani ro‘yxatga olingan. U 2001 yilda niderlandiyalik olimlar tomonidan laboratoriya usulida sof holatda ajratib olingan. Aynan metapnevmovirus bilan kasallanish holatlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida har yili qayd etiladi. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham o‘tgan yili laboratoriya tahlillariga ko‘ra, 1,2 foiz fuqaroda metapnevmovirus tufayli kasallik kelib chiqqan. 

Metapnevmovirusni chaqiradigan kasallik va uning belgilariga to‘xtaladigan bo‘lsak, aynan o‘tkir respirator virus infeksiyalari singari kasallik alomatlari kuzatiladi. Bunda asosan yo‘tal, aksirish, isitma va ko‘p hollarda asorat bo‘ladigan bo‘lsa, bronxit kasalliklari, burun yallig‘lanishi hamda o‘pka yallig‘lanishi, zotiljamga olib kelishi mumkin", dedi Ikromov.

Uning aytishicha, kasallanish ko‘proq immun tizimi zaif bo‘lgan odamlarda, yondosh kasalliklari bor yoshi katta fuqarolarda hamda o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan immun tizimi hali to‘liq shakllanmagan bolalarda ko‘proq qayd etilishi kuzatiladi. Metapnevmovirus bo‘yicha Xitoy va Qozog‘istondagi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan bayonotlarda keltirilgan faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda keltirilgan raqamlar barchasi asosli, lekin berilgan bayonotni ma’lum qismini olib, uni koronavirusga nisbatan og‘irroq kechadigan virus sifatida bo‘rttirilgan ma’lumotlar bilan berish asossiz. 

“Metapnevmovirus yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘tkir respirator virus infeksiyalari turkumiga kirdi. Ularning yuqish yo‘li ham havo-tomchi va ifloslangan yuzalar bilan aloqa qilish oqibatida sodir bo‘ladi. Shu sababli ularning tez fursatda va keng tarqalish imkoniyati yuqoriroq. Bu holatda ko‘plab fuqarolar kasallanishi va davolanishi uchun sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani ortib kelishi tabiiy. Metapnevmovirusdan himoyalanish choralari ham xuddi o‘tkir respirator infeksiyaning oldini olish choralari bilan o‘xshash. Demak, shaxsiy gigiyenaga, qo‘l gigiyenasiga qattiqroq e’tibor qaratish, o‘zini kasallangan deb hisoblagan bemorlarning niqob tartibiga rioya qilishi va alohida muomala tartiblari va aholi gavjum joylarga tashrifni cheklash tadbirlari muhim hisoblanadi. Shu sababli ham bu yerda aholining ushbu tartiblarga rioya qilishga chaqirish maqsadida bayonotlar noto‘g‘ri talqin etilgan”, dedi mutaxassis.

Qanday holatlarda korxonalar va maktablar karantinga yopiladi?

"O‘tkir respirator virusi infeksiyalari, agar aynan qaysidir muassasada tizimli ravishda ortib borayotgani kuzatiladigan bo‘lsa, ularni ma’lum muddatga, bitta sinf yoki bitta guruh yoki bitta jamoani masofadan turib o‘qitish yoki masofadan turib ishlash tartibiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Lekin bugungi kundagi holat bu narsani talab qilmaydi, sababi bizda epidemiolog bo‘lsa, ya’ni oldingi yillarga nisbatan qay darajada kasallanish surati yuqori yoki pastligini tahlil qilishdan iborat. Bu kamida besh yillik kasallanishni solishtirish orqali amalga oshiriladi. Ya’ni demak sur’at hali yuqori emas va shu sababli ham bunday hollarda karantin joriy etilishi maqsadga muvofiq emas, chunki karantin e’lon qilinganda uni joriy etishga bo‘lgan ma’lum talablar bor va bu talablarni amalga oshirish o‘zini oqlashi kerak. Ya’ni, kasal bo‘lgan bemor o‘zini alohida saqlaydi, ya’ni kasal o‘quvchi yoki kasal ishchi ish joyiga, o‘qish joyiga, tarbiyalanish joyiga, muassasaga bormasa, odam kasallikni yuqtirishdan himoyalangan bo‘ladi. 

Ikkinchi masala: o‘zini bemor his qilgan fuqarolar davolanishi kerak, bunga majbur. Shu sababli ham biz statsionarlarda niqob tartibini majburiy qilib belgilaganmiz, boshqa muassasalarda ixtiyoriy. Ya’ni, sog‘lom odam agar o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lsa, shu tartibda niqoblardan foydalanishi mumkin.

Uchinchi tadbir: albatta, kasallikka chalingan bemorning davolanishi kimningdir tavsiyasi orqali emas, aynan o‘sha hududdagi shifokorlarning maslahati va ularning nazorati ostida bo‘lishi kerak", dedi Ikromov.

O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bunday hollarda profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish tavsiya etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus metapnevmovirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing