Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi - 15 yoshda

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 mart kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) tashkil etilganining 15 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari, diplomatik korpus, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tuzilmaning ekstremizm, separatizm, mintaqada mavjud muammolarga yechim topish, shu maqsadda xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, SHHTga a’zo davlatlar xavfsizligini mustahkamlash yo‘lidagi faoliyati muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilma Ijroiya qo‘mitasining xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdagi ishini yanada samarali tashkil etish va zarur sharoit yaratish maqsadida Toshkentda SHHT MATTning yangi bir zamonaviy binosi barpo etildi. Tuzilma tashkil etilganining 15 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir doirasida u tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Shu kuni SHHT MATT Kengashining navbatdagi, o‘ttiz to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi raisligida o‘tgan majlisda SHHT MATT Kengashining SHHT Davlat rahbarlari kengashiga taqdim etiladigan 2018 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ma’qullandi. SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining 2016-2018 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda SHHTga a’zo davlatlarning hamkorlik dasturi ijrosi bo‘yicha faoliyati yakunlari muhokama qilindi.

Tadbirda SHHT MATT Kengashi qarorlari ijrosiga doir ma’lumotlar ko‘rib chiqildi. SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari ekspertlaridan iborat qo‘shma ishchi guruhi hamda SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillarining 2017-2018yillarda internet tarmog‘idan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash, ularning oldini olish, bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga doir faoliyati ijobiy baholandi.

2019 yilda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining hamkorlikdagi “Sari-Arka – Aksilterror – 2019” mashg‘ulotlari, “Birdamlik – 2019-2021” chegara amaliyotining birinchi bosqichi, SHHTga a’zo davlatlar chegara xizmatlari rahbarlarining yettinchi majlisi hamda tashkilotga a’zo davlatlar mutaxassislari uchun internet tarmog‘idan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarida foydalanish holatlarini aniqlash, ularning oldini olish, bartaraf etish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.

SHHT MATT faoliyatini rivojlantirish va tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun SHHT MATTda o‘z faoliyatini yakunlagan Xitoy Xalq Respublikasi vakili Li Vey hamda Pokiston Islom Respublikasi vakili Tasnim Aslamga «SHHTga a’zo davlatning SHHT MATT Kengashidagi faxriy vakili» unvoni berildi. SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining qator xodimlari Kengashning faxriy yorliq va esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy jihatdan ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisini 2019-yil sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasida o‘tkazishga kelishib olindi.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston ShHT MATT

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing