Shakira soliq firibgarligi bo‘yicha sudlanyapti
Madaniyat-san’at
−
21 iyul 2023
5719Kolumbiyalik mashhur qo‘shiqchi Shakira soliq firibgarligi bo‘yicha ayblanmoqda. Xonandaning o‘zi esa bular yolg‘on ayblov ekanligini aytgan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Bu xonandaning soliq qarzdorligi bilan bog‘liq birinchi marotaba ayblanishi emas. 2022 yil iyul oyida ham ispaniyalik prokuror Shakiraning soliq to‘lamagani uchun qarzi borligini da’vo qilib hujjatlar taqdim etgan va unga 8 yillik qamoq jazosi berilishini talab qilgan edi. Unga ko‘ra, Shakira 2012 yildan 2014 yilgacha olingan daromadidan 14,5 million yevro soliq to‘lamagani uchun sudga tortilishi kerak edi. Xonandaning o‘zi esa ayblovlarning yolg‘on ekanligini aytgan.
Kecha 20 iyul kuni Barselona yaqinidagi sud ikkinchi ish bo‘yicha tergov ochishga rozi bo‘ldi. Unda ispan sudyasi davlat prokurorlari bilan Shakiraning 2018 yildan beri sodir etgan soliq firibgarligi bo‘yicha ishni va avvalgi yopilmay qolgan ayblovni ham ko‘rib chiqadi. Ikkala ish bo‘yicha sud Barselona yaqinidagi Esplugues de Llobregat shaharchasida bo‘lib o‘tadi.
Sudga yuboriladigan birinchi ish Shakiraning 2012-2014 yillarda yashagan uyi bilan bog‘liq. Shakira bu davrda ushbu uyda yashamaganini aytmoqda. Barselona prokurorlari Grammy g‘olibi o‘sha davrning yarmidan ko‘pini Ispaniyada o‘tkazgani va uning rasmiy qarorgohi Bagama orollarida bo‘lsa ham, mamlakatda soliq to‘lashi kerak bo‘lganini da’vo qilyapti.
"San’atkor har doim qonunga muvofiq va moliyaviy maslahatchilariga tayanib harakat qilgan", deyiladi Shakiraning jamoatchilik bilan aloqalar firmasi Llorente y Cuenca`ning bayonotida.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, hozir Mayamida yashovchi Shakira ikkinchi tergov haqida xabarnomani haligacha olmagan.
“Shakira endi Mayamidagi badiiy karerasiga e’tibor qaratgan va xotirjam. Chunki u moliyaviy muammolarini ijobiy hal etishiga ishonadi”, dedi firma vakili.
Eslatib o‘tamiz, Shakira bundan bir yil avval fudbolchi Jerar Pike bilan ajrimi va bolalarini olib qolish masalasida ham sudlashgan.
Sevara Husniddinova