Shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston terma jamoasi AQSH bilan o‘yinda durrang qayd etdi
Sport
−
01 avgust 2022
3530Hindistonning Chennay shahrida shaxmat bo‘yicha 44-jahon olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 1 avgust kuni olimpidaning 4-tur bahsida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi AQSH vakillariga qarshi bahs olib bordi va 2:2 hisobidagi durrang natijani qayd etdi.
O‘zbekistonliklarning yagona g‘alabasini Nodirbek Abdusattorov qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, Nodirbek nafaqat AQSHning balki dunyoning eng nomdor shaxmatchilaridan biri hisoblanuvchi Fabiano Karaunani mag‘lub etdi.
Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev va Jahongir Vohidov durang qayd etgan bo‘lsa, Javohir Sindarov raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan.
Qayd etish kerakki, AQSH terma jamoasi bilan murosa ko‘chasi tanlangach, o‘zbekistonlik shaxmatchilar to‘plagan ochkolar soni 7 ta tashkil qilib turibdi.
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa Dominikan Respublikasiga qarshi bahs olib borib, 3:1 hisobida zafar qozondi.
Maftuna Bobomurodova va Marjona Malikova o‘z raqibalarini mag‘lub etgan bo‘lsa, Nilufar Yoqubboyeva va Umida Omonova durang natija bilan kifoyalangan.
Albatta, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham shaxmat olimpiadasida munosib ishtirok etmoqda. Hozircha, ularning hisobida 6 ta ochko mavjud.
Avvalroq, AQSH terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova hamyurtlariga qarshi dona surishdan bosh tortgani haqida xabar qilingandi.
LiveBarchasi