AQSHdagi shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekistonga qarshi o‘ynashdan bosh tortdi
Sport
−
30 iyul 2022
38185Hindistonning Chennay shahrida shaxmat bo‘yicha 44-jahon olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.
Shaxmat Olimpiadasi kecha, 29 iyul kuni start oldi. 1-raund bahslarida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Nepal ustidan 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Nepalga qarshi o‘yinda Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov kabi shaxmatchilar dona surishdi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham Gana ustidan 4:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi. O‘zbekiston sharafini Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Maftuna Bobomurodova va Marjona Malikova himoya qilgan.
2-raund shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Olimpiada favoritlaridan biri AQSH vakillariga qarshi bahs olib bordi va 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘zbekistonliklarning yagona g‘alabasini Yip Karissani mag‘lub etgan Umida Omonova qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlari sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova Nilufar Yoqubboyevaga qarshi bahs olib borishi kerak bo‘lgan. Biroq Gulruhbegim hamyurtlariga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan. Uning o‘rinini Krush Irina egallagan.
Eslatib o‘tamiz, Tohirjonova 2020 yildan buyon Amerikada istiqomat qiladi. Gulruhbegim Tohirjonova AQSHga ketishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdialiyevni va federatsiyasidagi adolatsizliklarni sabab qilib ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, Tohirjonova O‘zbekiston tarixida ikkinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan. 2021 yilda shaxmat bo‘yicha Amerika chempionatida ikkinchi o‘rinni olgan. Shundan so‘ng, AQSH terma jamoasi tarkibiga jalb qilina boshlagan.
LiveBarchasi