AQSHning nufuzli shaxmat klubi Tohirjonovaga minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
17 fevral
6168Yaqindagina federatsiyasini O‘zbekistonga o‘zgartirgan va bir necha yillardan buyon AQSH terma jamoasi safida shaxmat o‘ynab kelgan o‘zbekistonlik grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonovaga Amerikaning “Saint Louis Chess Club” va “World Chess Hall of Fame” klublari o‘z minnatdorligini bildirdi. Bu haqda “UzChess” loyihasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Buni e’lon qilish biz uchun juda og‘ir. Shaxsiy sabablarga ko‘ra, Gulruhbegim Tohirjonova o‘z federatsiyasini o‘z vatani O‘zbekistonga o‘tkazishga qaror qildi. Bu xabar O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qilindi. Biz Begimning Amerika safida o‘ynagan davrida “Saint Louis Chess Club” va “World Chess Hall of Fame”ga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorligimizni bildiramiz. Uning fidoyiligi, mashaqqatli mehnati hamda ijobiy kayfiyatini qadrlaymiz va uni sog‘inamiz. Begimga shaxmatdagi kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz!” deyiladi Amerika shaxmat klubi bayonotida.
Qayd etish joiz, 12 fevral kuni Tohirjonova O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi a’zosiga aylandi. Bundan keyin xalqaro musobaqlarda Tohirjonova O‘zbekiston ayollar terma jamoasi safida dona suradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Tohirjonova bilan suhbatlashgani xabar qilingandi. Suhbat chog‘ida davlat rahbari uning O‘zbekistonga qaytganidan xursand ekanini bildirdi.
LiveBarchasi