Shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston yengilmay kelayotgan Armaniston shaxmatchilarini taslim qildi
Sport
−
22:34 1113 2 daqiqa
Bugun, 26 sentyabr kuni Samarqand mezbonlik qilayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida 10-tur bahslari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Armanistonga qarshi dona surdi.
Unda O‘zbekistonning asosiy erkaklar jamoasi 9 tur davomida biror jamoaga yutqazmay kelayotgan Armaniston shaxmat ustalarini 3,5 : 0,5 hisobida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Yigitlar butun o‘yin davomida ustunlikni saqlab qoldi va kerakli ochkolarni yig‘di.
Jamoada Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Nodirbek Abdusattorov raqiblari ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Nodirbek Yoqubboyev esa Shant Sargsyan bilan durang o‘ynadi.
O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi ham ushbu turda Peru vakilalariga qarshi ishonchli o‘yin ko‘rsatib, 3,5 : 0,5 hisobida mag‘lub etdi. Unda Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Umida Omonova va Guldona Karimova raqiblaridan ishonchli tarzda ustun kelgan bo‘lsa, Afruza Hamdamova perulik shaxmat ustasi bilan durang natija qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston-2 terma jamoasi turnir peshqadamlaridan bo‘lmish Hindiston terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi va 0,5 : 3,5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston-3 terma jamoasi Isroil jamoasiga qarshi to‘qnash keldi va 1,5 : 2,5 hisobida yengildi. O‘zbekiston-3 jamoasining ayollar termasi esa keniyalik shaxmatchi qizlar bilan 2 : 2 hisobida durangga rozi bo‘ldi.
Samarqandda davom etayotgan FIDE Shaxmat olimpiadasida 10-tur yakuniga ko‘ra, Open yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi 18 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Ayollar o‘rtasida esa Xitoy terma jamoasi 18 ochko bilan 1-o‘rinda. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 15 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, olimpiada yakunlanishiga atigi 1 tur qoldi. Erkaklar o‘rtasida O‘zbekistonning asosiy jamoasi oltin medallar uchun eng katta da’vogar bo‘lib turibdi. Medallar masalasi aynan 11-tur bahslarida aniq bo‘ladi.
Live
Barchasi