Shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni tarqatish 89 mln so‘mga tushishi mumkin

Jamiyat

image

Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalarida tarqatganlik uchun jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravarigacha (ayni vaqtda 89,2 mln so‘m) jarima solish taklif qilinyapti.

Kecha, 14 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ham javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Kodeksning amaldagi tahririga ko‘ra, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish harakatlari uchun ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solish haqidagi me’yorni kiritish taklif etilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga qaratilgan yolg‘on axborotni ishonchli ma’lumot ko‘rinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirgan shaxs to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Taklif etilayotgan loyihada esa shaxs shunday harakatlari uchun muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etsagina jinoiy javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.

Shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi qayd qilinmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

jarima

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing