Pedofillarga umrbod qamoq: Prezident tegishli farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda shahvoniy shilqimlik va jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar qatorida keltirilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.

Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan.

Bugungi taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator masalalar bo‘yicha quyidagi takliflar bildirilgan:

  • shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish;
  • pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni belgilash;
  • Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik;
  • Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish;
  • shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo‘yicha prokuror qarorini olish shartligi;
  • ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi;
  • zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini o‘rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.

Davlat rahbari bildirilgan tashabbuslarni ma’qullab, tegishli farmonga imzo chekkan hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi” loyihasi bilan O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash kutilayotgani va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tashabbusni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

jinsiy jinoyat Shahvoniy shilqimlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing