Shahrisabzda hokim yordamchisi 1 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini talon-toroj qildi
3-sahifa
−
23 avgust
4248Qashqadaryo viloyatida kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shahrisabz shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi F.A. mansab mavqeidan foydalanib, to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MCHJ rahbari R.M. bilan til biriktirib, 2022-2023 yillarda naslli chorva mollari sotib olish, parrandachilik, asalarichilik, tikuvchilik, issiqxona tashkil etish va boshqa maqsadlarda 14 nafar fuqaro nomidan imtiyozli kredit olish uchun shartnoma va hisob-faktura hujjatlariga elektron raqamli imzo orqali soxta ma’lumotlar kiritgan holda aksiyadorlik tijorat bankiga taqdim etgan. Natijada bank tomonidan 440,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.
Bundan tashqari, hokim yordamchisi boshqa MCHJ rahbari X.S. bilan ham kelishib, 25 nafar fuqaro nomidan soxta ma’lumotlar taqdim etish orqali ATBdan 733,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga erishgan.
Shu tariqa, jami 1 mlrd 173,6 mln so‘m kredit mablag‘i talon-toroj qilingan.
“Hozirda hokim yordamchisi, MCHJ rahbarlari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda” deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Jizzax viloyatlarida hokim yordamchilari pora bilan ushlangandi.
LiveBarchasi