Shahnozaxon Mirziyoyeva reabilitatsiya markaziga ega birinchi MTM ochilishida qatnashdi

Jamiyat

image

Bugun, 4 aprel kuni Nukus shahrida reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan birinchi maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov, MTV Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnozaxon Shavkatovna Mirziyoyeva, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov ishtirok etgan. 

Imkon deb nomlangan yangi loyiha doirasida taqdim etaliyotgan ushbu muassasa jismoniy turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta’lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta’minlash imkonini yaratib beradi.

2019 yil 4 aprel, Nukus shahridagi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3909-sonli qaroriga muvofiq tashkil etildi. Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi 120-150 nafar imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan.

Nukus shahrida reabilitatsiya-ta’lim muassasasining qurilishi va uning jihozlanishi xorijiy va mahalliy investorlarning beg‘araz yordami hisobidan to‘liq amalga oshirildi.

Maydoni 3 447 kv metr bo‘lgan ikki qavatli binoda standart xonalardan tashqari basseyn, davolash-jismoniy tarbiya zali, 2 ta fizioterapiya xonasi, 2 ta massaj xonasi, sensor xonasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonasi, ortoped, psixolog, pediatr, diyetolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog, metodist va navbatchi shifokor xonalari mavjud.

“Orolbo‘yi mintaqasida bolalar salomatligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018 yilning 1 yanvar holatiga 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 2013 yilga nisbatan 17,5 foizga oshdi. Shu munosabat bilan respublika Prezidentiningtashabbusiga ko‘ra, Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmas edilar. Ko‘p tarbiyalanuvchilar hayotining asosiy qismini uy devorlari ortida o‘tkazardilar. Shuningdek, biz Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshlamoqdamiz. Ma’lumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik”, deydi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Nukus shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi Orolbo‘yi mintaqasining chekka hududlarida yashovchi bolalar ushbu muassasada tunda qolishi uchun haftasiga 5 kun mobaynida tunu-kun ishlaydi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus pedagogika bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan tarbiyachilar bilan o‘quv dasturi bo‘yicha shug‘ullanadilar, kunning ikkinchi yarimda esa shtatdagi tibbiy xodimlar nazorati ostida sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan o‘tadilar.

Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, “Saundbim” tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan. Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Shuningdek, reabilitatsiya markazida maktab yoshidan o‘tgan jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ham muolajalar o‘tkaziladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shahnoza Mirziyoeva

Baholaganlar

255

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing