“Sh” va “Ch” o‘tmishda qoladi. Yangi alifbo bizga nima beradi?
Jamiyat
−
16 iyul 21767 4 daqiqa
Ayrimlar bolaligida kirill alifbosida, boshqalar esa lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida savod chiqargan. Endi esa amaldagi lotin alifbosi yana o‘zgarmoqda. Aniqroq qilib aytganda, pasportingizdagi ismingizdan tortib cho‘ntagingizdagi pulingizgacha barcha barchasi o‘zgaradi.
Eng muhim o‘zgarish shundaki, endi o‘zbek tilida ikki belgidan iborat harf birikmalari qo‘llanilmaydi. Klaviaturada sh – “w” ch – “4” harflarini qisqartirib yozish ham shart emas. “ng” harf birikmasi esa alifbodan butunlay olib tashlanadi. Joriy yilning 7 iyul kuni, ushbu o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi parlamentda ma’qullanib, Senatga yuborildi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonda ilk bor 2021 yilda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan alifbo islohoti masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Aslini olganda, alifbodagi harflar nega o‘zgarmoqda? Unda qanday muammolar bor edi?
“Bu alifbo islohoti kecha paydo bo‘lgan narsa emas. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yillardan beri muxokama qilinadi. Alifbo islohoti bo‘yicha tilshunoslar, olimlar va turli soha vakillarining fikrlari olingan. To‘g‘ri, bu muammolar yuzuvda bilinmasligi mumkin. Biroq, oddiygina “O‘zbekiston” so‘zidagi “o‘” harfi hamma joyda 10 xil yoziladi. Imlo qoidalarida esa “sh” va “ch” harf birikmalari bilan juda ko‘p istisno holatlari mavjud. Masalan, “Is’hoq”, “As’hob” degan so‘zlarimizni noto‘g‘ri o‘qish holatlari ham kuzatildi. Bundan tashqari, klaviaturada ushbu harflar birikmasini “w” va “4” qilib o‘zgartirib, buzib yozilgan holatlar ham uchramoqda”, deydi mutaxasis Inomjon Azimov.
Alifbodagi yana bir muhim o‘zgarish shundaki, “ng” harflar birikmasi butunlay olib tashlanmoqda. Hozirda “bodring”, “keling”, “turing” kabi so‘zlarda bitta ng tovushini, “ko‘ngil” va “singil” kabi so‘zlarda esa alohida n va g tovushlarini ifodalab kelayotgan ushbu harflar birikmasi endi alifboda bo‘lmaydi. Tabiiyki, savol tug‘iladi: endi “boring”, “keling”, “turing” kabi so‘zlar qanday yoziladi?
“Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masalalardan biri – “ng” harflar birikmasining alifbodan chiqarilishidir. Biroq bu tovush yo‘qolib ketadi, degani emas. «Ng» yangi alifboda alohida harf sifatida bo‘lmaydi, ammo tovush sifatida saqlanib qoladi. Faqat uni ifodalash tartibi imlo qoidalari orqali belgilab beriladi. “Ng” harflar birikmasi amaldagi imlo qoidalarida ham ko‘plab murakkabliklarni keltirib chiqargan. Masalan, “senga” va “menga” so‘zlarida “n” va “g” alohida tovushlar sifatida talaffuz qilinadi. Ammo “singil” va “ko‘ngil” so‘zlarida ular bitta “ng” tovushini ifodalaydi va bo‘g‘in ko‘chirishda ham alohida qoida qo‘llaniladi. Natijada bitta harflar birikmasi uchun bir nechta istisno va murakkab imlo qoidalarini yodda saqlashga to‘g‘ri keladi”, deydi mutaxasis Inomjon Azimov.
Ayrimlar yangi alifboni turk alifbosiga taqlid deb hisoblamoqda. To‘g‘ri, bir qarashda alifboga kiritilishi taklif etilayotgan to‘rtta harf turk alifbosidagi belgilarni eslatadi. Biroq tarixga nazar tashlasak, bu harflar o‘zbek alifbosi uchun mutlaqo yangi emas. O‘zbekiston 1993 yilda kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tilganda, ushbu harflar ilk lotin alifbosi tarkibida allaqachon mavjud bo‘lgan.
“Bu hech qanday turk alifbosiga taqlid emas. Taklif etilayotgan harflar ham biz uchun mutlaqo yangi emas. O‘zbek yozuvi tarixiga nazar tashlasak, lotin alifbosining dastlabki variantlarida bunday belgilar avval ham qo‘llanilgan. Xususan, 1993 yilda kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganda ham bugun qayta joriy etilishi taklif qilinayotgan harflar alifbo tarkibida bo‘lgan. Keyinchalik, 1995 yilda alifbo qayta ko‘rib chiqilib, ular o‘rniga “sh”, “chׅ”, “o‘” va “g‘“ harf birikmalari joriy etilgan”, deydi mutaxasis Inomjon Azimov.
Alifbodagi “o‘” harfining belgisi bilan bog‘liq muammo ko‘pchilikka yaxshi tanish. Uni kompyuterda yozish uchun maxsus raqamlar ketma-ketligini bosish bir tomondan vaqt olsa, boshqa tarafdan savodsizlik deb baholash mumkin bo‘lgan darajajadagi kamchilikka ham sabab bo‘lar edi. Buni O‘zbekiston nomini yozish bilan bog‘liq birgina vaziyat misolida tushuntiramiz. Davlatning nomini ayrimlar “o‘” deb hisoblaydigan 7 xil ko‘rinishda yozish mumkin. Tabiyki ularning 6 tasi xato bo‘lgan. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 2023 yil 11 dekabrda “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada gapirgan edi.
“Yana bir bor ta’kidlayman, gap Vatan va Millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur, deb hisoblayman!” deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi