SHHT vazirlari Hindistonda yig‘ildi
Olam
−
04 may 2023
7893Joriy yilning 4-5 may kunlari Hindiston tomoni raisligida Goa shtatining Panaji shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, vazirlar majlisi kun tartibining markazida a’zo davlatlar rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari, xususan, sammitda qabul qilinishi rejalashtirilgan hujjatlar loyihalarini kelishish, Eron Islom Respublikasi va Belarus Respublikasining SHHTga a’zo davlatlar sifatida tashkilotga qabul qilish jarayonini muhokama qilish va boshqalar turadi. Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Mazkur yig‘ilishda qatnashish uchun SHHTga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari Hindistonga bordi. Ular orasida Pokiston Tashqi ishlar vaziri Bilaval Zardari ham bor bo‘lib, bu Pokistonlik Tashqi ishlar vazirining 12 yil ichida Hindistonga birinchi tashrifi hisoblanadi.
SHHT Osiyodagi siyosiy va xavfsizlik bloki bo‘lib, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zolaridir.
4-5 may kunlari bo‘lib o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan so‘ng iyul oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining asosiy sammiti bo‘lib o‘tadi, unda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Hindistonga kelishi kutilmoqda.
LiveBarchasi