SHHT NATO bilan hamkorlik o‘rnatishi mumkinmi?

Olam

image

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) barcha xalqaro birlashmalar, jumladan, NATO bilan hamkorlik qilishi mumkin. Bu haqda kecha, 24 aprel kuni SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Grigoriy Logvinov ma’lum qilgan

Logvinovning aytishicha, SHHT barcha ko‘p tomonlama xalqaro birlashmalar va NATOdan tashqari boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish uchun ochiq. Agar Alyans dolzarb va jiddiy sohalarga e’tibor qaratsa hamda haqiqatdan ham insoniyat duch keladigan tahdidlarga qarshi kurashsa, unda mazkur tashkilot bilan ham hamkorlik o‘rnatilishi mumkin.

“Ammo, afsuski, hozir buning iloji yo‘q. Bunda biz aybdor emasmiz”, deydi SHHT bosh kotibi o‘rinbosari.

Shuningdek, Logvinov SHHTning tinchliksevar va konstruktiv xarakteri haqida gapirgan. 

"G‘arblik hamkasblarimiz SHHTni harbiy ittifoq sifatida ko‘rishadi, ammo bunday emas. Bunga tashkilotda zarurat ham yo‘q. Shaxsan men SHHTni o‘sishda davom etadigan tuzilma sifatida ko‘raman. Eng muhim jihatlar amaliy tuzilmani shakllantirish va assotsiatsiya doirasidagi o‘zaro aloqalar bo‘lib qolaveradi", deydi u.

Bosh kotib o‘rinbosarining ta’kidlashicha, tashkilot doirasidagi harbiy mashg‘ulotlar tashqi bosqindan birgalikda himoyalanishni anglatmaydi. Bunday mashg‘ulotlar xalqaro terrorchilar, ekstremistlarning keng ko‘lamli hujumlariga qarshi turish maqsadida o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, hozirda SHHTga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Eron tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida. Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlat, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkor davlatlar maqomiga ega. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha sheriklik memorandumlari imzolangan edi. Shu yilning mart oyi oxirlarida Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi qirollikka Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO ShHT Grigoriy Logvinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing