SHHT kuzatuvchi maqomi uchun 6 davlat arizasini ko‘rib chiqmoqda
Olam
−
04 yanvar
6398Ayni paytda Shanxay Hamkorlik Tashkilotida (SHHT) kuzatuvchi maqomi uchun oltita, muloqot bo‘yicha hamkor maqomi uchun sakkizta ariza ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekboyev RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
U tashkilotdagi mavqeini oshirish yoki SHHTga a’zo bo‘lishga qiziqish ortib borayotganini aytdi.
“Muayyan davlatlar yoki mintaqalarga kelsak, shuni ta’kidlashim mumkinki, hozir Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, hatto Shimoliy Afrika mamlakatlari ham faol. SHHT barcha davlatlar uchun ochiqdir. Hozir, umuman olganda, faoliyatni takomillashtirish doirasida a’zo davlatlar toifalar sonini va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni qanday qilib samaraliroq qilish haqida o‘ylamoqda”, dedi SHHT Bosh kotibi.
U SHHTga a’zo davlatlar jahon miqyosida hamisha hamjihatlik, xalqaro huquq normalariga sodiqlik namoyon etishini, shu bois ham tashkilot, ham to‘garak va uning hamkorlari tarkibini kengaytirish muayyan mezonlar, shartlar va konsensusga asoslangan holda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
“Masalan, hozirda SHHTda kuzatuvchi maqomi uchun oltita ariza va muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga ega bo‘lish uchun sakkizta ariza ko‘rib chiqilmoqda. Bu arizalarning ba’zilari arizachi davlatlarning talabiga binoan faol ko‘rib chiqilmoqda”, dedi Yermekboyev.
SHHT Bosh kotibi o‘z valyutasini yaratish borasidagi ishlar haqida ham gapirdi.
“Hozir bizning to‘lov tizimlarimiz global to‘lov tizimiga yuqori darajada integratsiyalashgan va ma’lum valyutalar bilan bog‘langan. Umuman olganda, milliy valyutalar ulushini oshirish zarurligi to‘g‘risida tushuncha bor, ekspertlar o‘z valyutasini yoki qandaydir hisob birligini yaratish bo‘yicha takliflar berishdi, biroq bu ish hali muhokama bosqichida”, dedi Yermekboyev.
Ma’lumot uchun, SHHT 2001 yil iyun oyida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kiradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 4 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Nurlan Ermekbayevni 2025-2027 yillarga SHHT Bosh kotibi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Aynan shu sammitda Belarusni tashkilotga qabul qilish haqidagi hujjatlar imzolandi.
LiveBarchasi