SHHT Chegara xizmatlari birgalikdagi operatsiya rejasini tasdiqladi
Olam
−
10 iyul 4846 2 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni Qirg‘iziston raisligida Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar vakolatli organlari Chegara xizmatlari rahbarlarining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va SHHT MATT ijroiya qo‘mitasining vakolatli organlari Chegara xizmatlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar tashkilotga a’zo davlatlarning davlat chegaralaridagi vaziyatni baholash, uni rivojlantirish tendensiyalari va prognozlarini aks ettiruvchi axborot almashdi. 2024 yilda o‘tkazilgan “Birdamlik – 2024” qo‘shma chegara operatsiyasi yakunlari muhokama qilindi va tasdiqlandi. Joriy yilda “Birdamlik-2025” qo‘shma chegara operatsiyasini tayyorlash va o‘tkazish rejasi ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.
SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari Chegara xizmatlari ekspertlar guruhining 2026 yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish joyi va sanalari bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda tashkilot chegaralarida yangi chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha fikr almashish va pozitsiyalarni ishlab chiqish SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari Chegara xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, chegaralarda xavfsizlik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 iyun kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning Mudofaa vazirlari Xitoyning Singdao shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunida umumiy bayonot e’lon qilmadi. Sababi – Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singx 22 aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Paxalgam shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumi bayonotda eslatilmagani sababli hujjatni imzolashdan bosh tortdi.
Live
Barchasi