Hindiston SHHT yakuniy bayonotini imzolashdan bosh tortdi
Olam
−
28 iyun 10383 2 daqiqa
Joriy yilning 26 iyun kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning Mudofaa vazirlari Xitoyning Singdao shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunida umumiy bayonot e’lon qilmadi. Sababi – Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singx 22 aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Paxalgam shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumi bayonotda eslatilmagani sababli hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda “The Indian Express” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Singx terrorizmga nisbatan yagona va qat’iy yondashuv yo‘qligini tanqid qilib, bayonotni imzolamaganini bildirgan. Uning fikricha, mintaqadagi eng muhim muammolar – tinchlik, xavfsizlik va ishonch tanqisligidir. Bu muammolarning ildizi esa radikallik, ekstremizm va terrorizmning kuchayib borayotgani.
“Tinchlik va taraqqiyot terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarining nodavlat sub’ektlar yoki terror guruhlarining qo‘lida tarqalishi bilan birga yashay olmaydi. Bu xavflarga qarshi qat’iy choralar zarur. Ayrim davlatlar transchegaraviy terrorizmni siyosiy vosita sifatida ishlatmoqda va terrorchilarga boshpana bermoqda. Bunday ikkiyoqlama mezonlarga o‘rin bo‘lmasligi kerak. SHHT bunday mamlakatlarni ochiq tanqid qilishdan tortinmasligi lozim,” deydi Singx.
Manbaga ko‘ra, Singx qo‘shma bayonot Pokistonning pozitsiyasiga “mos tushganini” ta’kidlagan, chunki unda yuqoridagi hujum tilga olinmagan, biroq Balujiston hududidagi jangarilik faoliyatlari eslatib o‘tilgan. Pokiston Hindistonni Balujistondagi ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatlayotganlikda bir necha bor ayblagan, Hindiston bu da’volarni rad etadi.
Bundan tashqari, mintaqaviy mojarolarda an’anaviy tarzda Pokistonni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Xitoy SHHT doirasida ham amalda Islomobod tomonida chiqqan. Sammit arafasida Pokiston Mudofaa vaziri Xavodja Asif Pekin va Islomobod Hindistonga qarshi razvedka faoliyatini muvofiqlashtirayotganini ochiq tan olgan.
Sammitdagi keskin muhitda Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx xitoylik hamkasbiga hal etilmagan hududiy nizolar va chegarada uzoq muddatli tinchlik zarurligini eslatgan. Biroq u Hindistonning Xitoy va Pokiston bilan o‘zaro ishonch darajasi hanuz pastligicha qolayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Hindistonning bahsli – Kashmir mintaqasida 20 dan ortiq odam terakt qurboni bo‘lgan edi. Oqibatda Pokiston va Hindiston o‘rtasida keskinlik kuchayib, harbiy harakatlar boshlangan. Keyinroq esa bu harakatlar AQSH aralashuvi bilan to‘xtatilgandi.
Live
Barchasi