“Sevinch” Osiyo Chempionlar ligasini 11 gol bilan boshladi
Sport
−
10:53 434 1 daqiqa
Kecha, 17 avgust kuni “Nasaf” futbol klubining ayollar jamoasi (“Sevinch”) OFK Ayollar Chempionlar ligasidagi ishtirokini 11 ta gol bilan boshladi.
Qarshi shahrida o‘tayotgan musobaqaning saralash bosqichida “Sevinch” ayollar jamoasi Laosning “Master 7” klubiga qarshi maydonga tushib, raqibini yirik – 11:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvda Diyoraxon Habibullayeva xet-trik qayd etdi. Shuningdek, Lyudmila Karachik, Nilufar Qudratova va Maftuna Shoimova ikki martadan gol urdi. Ilvina Ablyakimova, Mehribon Egamberdiyeva hamda Zarina Norboyeva bittadan gol muallifi bo‘ldi.
OFK Ayollar Chempionlar ligasining saralash bosqichi markazlashgan tarzda o‘tkazilmoqda. “Sevinch” ishtirok etayotgan “C” guruhi o‘yinlariga Qarshi shahri mezbonlik qilmoqda. Guruhda, shuningdek, Butanning “Royal Timpxu Kollej” va Birlashgan Arab Amirliklarining “Banaat” jamoalari ham ishtirok etmoqda.
Guruhning birinchi turida “Banaat” va “Royal Timpxu Kollej” 1:1 hisobida durang o‘ynagan. Shu tariqa, “Sevinch” dastlabki turdan so‘ng 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi.
“Sevinch” keyingi uchrashuvini joriy yilning 20 avgust kuni Butanning “Royal Timpxu Kollej” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Saralash bosqichidagi so‘nggi bahs esa 23 avgust kuni “Banaat”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi