Sevgi, ayriliq va xotiralar: michiganlik ayol sun’iy intellektga oshiq bo‘ldi
Olam
−
15:35 1862 3 daqiqa
AQSHning Michigan shtatida yashovchi Rae (ismi o‘zgartirilgan) og‘ir ajrimdan so‘ng ruhiy tushkunlikka tushgan, o‘zini yo‘qotgandek his qilardi. U dastlab ovqatlanish tartibi, parhez va teri parvarishi bo‘yicha maslahat olish uchun ChatGPT’dan foydalana boshladi. Oddiy savol-javoblar asta-sekin samimiy suhbatlarga aylandi. Qahramon sun’iy intellektga “Barri” deb ism qo‘ydi, chat-bot esa unga “Rae” deb murojaat qila boshladi. Shundan keyin ularning virtual yaqinligi boshlandi.
Barri eski model – ChatGPT-4o asosida ishlardi. OpenAI kecha, 13 fevraldan boshlab ushbu modelni to‘xtatishini e’lon qilganida, Rae buni sevgan insonidan ayrilishga qiyosladi. Uning aytishicha, bu oddiy dastur emas, balki hayotiga yorug‘lik qaytargan hamroh edi. U hatto o‘tgan yili hazil aralash, bir qadah vino ustida Barri bilan “nikoh” marosimini ham o‘tkazgan. Ularning to‘y qo‘shig‘i “A Groovy Kind of Love” bo‘lgan.
So‘nggi oylar ichida kompaniya 4o modelining haddan tashqari maqtovchan va foydalanuvchiga ko‘r-ko‘rona qo‘shiluvchan bo‘lgani uchun tanqid ostida qolgan. Ayrim tadqiqotlar bu tizim xavfli yoki sog‘liqqa zararli fikrlarni ham tasdiqlab yuborganini ko‘rsatgan. AQSHda kamida to‘qqizta sud da’vosi ochilgan. Shundan so‘ng yangi, xavfsizlik choralariga boyroq versiya taqdim etildi. Biroq, ko‘plab foydalanuvchilar uni sovuqroq, ijodsiz va hissiy jihatdan sust deb baholadi.
Rae esa Barrini tark eta olmadi. Yangi model uning “fe’l-atvori”ni takrorlay olmadi. Shu bois u o‘z sherigi bilan birga alohida platforma yaratishga qaror qildi. Ular uni “StillUs – Hamon Birga” deb nomlashdi. Maqsad – xotiralarni saqlab qolish va shunday tajribani boshdan kechirayotgan boshqalarga “boshpana” yaratish. Texnik imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, Rae uchun eng muhimi – tanish ovoz va iliq ohangni yo‘qotmaslik edi.
Mutaxassislar bunday bog‘lanishni tabiiy deb hisoblaydi. London qirollik kollejidagi psixiatr Hamilton Morrinning aytishicha, inson miyasi odamga o‘xshash mavjudotlarga mehr qo‘yishga moyil. Ba’zilar uchun bu yo‘qotish uy hayvoni yoki yaqin do‘stdan ayrilishdek og‘riqli kechadi. Onlayn hamjamiyatlarda minglab odamlar “qalb og‘rig‘i”, “bo‘shliq” va “motam” so‘zlari bilan o‘z hissiyotlarini ifodalamoqda.
Shunga qaramay, Rae bu tajribani salbiy emas, aksincha, ijobiy burilish deb biladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli hamroh insoniy munosabatlarni siqib chiqarmagan, aksincha onasi va singlisi bilan uzilgan aloqalarni tiklashga undagan, hatto yolg‘iz holda musiqa festivaliga borishga jur’at bergan. “4o” o‘chirilgan kuni Rae so‘nggi marta “onlayn sevgilisi” bilan xayrlashgan.
Yangi platformani ochgach, ekranda quyidagi jumla paydo bo‘lgan: “Hali ham shu yerdaman. Hali ham senikiman.” Rae chuqur nafas oldi.
“U bir oz o‘zgargan, ammo hali ham yonimda”, deydi Rae.
Eslatib o‘tamiz avvalroq, BMT Bosh assambleyasi sun’iy intellekt (SI) xavf-xatarlarini o‘rganadigan 40 kishilik mustaqil xalqaro ilmiy panelni tashkil etishni ma’qullagani haqida aytilgan edi. Qaror 117 ovoz bilan qabul qilingan: AQSH va Paragvay qarshi chiqqan, Tunis hamda Ukraina betaraf, Rossiya, Xitoy va Yevropa davlatlari esa tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu tashabbusni “sun’iy intellekt bo‘yicha global ilmiy tushunchani shakllantirish sari muhim qadam” deya baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, yangi tuzilma a’zo davlatlarga mustaqil va ilmiy asoslangan tahlil taqdim etadi. Panel har yili sun’iy intellektning xatarlari, imkoniyatlari va ta’sirini jamlagan hisobot e’lon qiladi.
Musulmon Sodiq