Sevara Nazarxon muhtojlarga ko‘maklashuvchi markazda ko‘ngilli yordamchi bo‘ldi
Jamiyat
−
11 aprel 2020
6596O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash doirasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgandi.
Aholini murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgan Call-markazning 1197 qisqa raqami soat 9:00 – 17:00 oralig‘ida muntazam ishlamoqda.
Call-markazda alohida tayyorlangan mutaxassislar emas, balki istalgan ko‘ngillilar ishlayapti. Ularning orasida hatto el tanigan mashhur xonandalar ham uchrab turibdi. Shunday insonlardan biri xonanda Sevara Nazarxon.
Xonanda Sevara Nazarxon karantin vaqtida muhtoj kishilarga ko‘mak beruvchi 1197 raqami Call-markaz faoliyatiga yordamlashdi. Buni xonandaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida joylashtirgan videodan ko‘rish mumkin.
Xonandaning ma’lum qilishicha, Call-markazga kuniga 200 ming murojaat tushyapti.
Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Yoshlar Ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev QALAMPIR.UZ bilan onlayn suhbatda Call-markaz faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tdi. Sa’dullayev markazda bu borada hech qanday tajribaga ega bo‘lmagan 50 nafar volontyor yoshlarning har biri kuniga 100 dan ortiq murojaatchilar bilan muloqotda bo‘layotganini e’tirof etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 729 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor