Seulda tarixda ilk bor soat 21:00 dan keyin “hayot to‘xtaydi”
Olam
−
04 dekabr 2020
4603Janubiy Koreya poytaxti Seuldagi do‘konlar, kinoteatrlar va boshqa muassasalar soat 21:00 dan keyin yopiladi. Bundan tashqari, shahar tarixida ilk marta kechqurun ko‘cha yoritilishi o‘chiriladi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar bermoqda.
Cheklovlar ertaga, 5 dekabr kuni kuchga kiradi. Seul meri So Chjon Xyopning so‘zlariga ko‘ra, shahar "juda xavfli inqirozni boshdan kechirmoqda" va "ortga chekinadigan joy yo‘q".
“Ertadan boshlab Seul soat 21: 00 da to‘xtaydi”, degan u.
Yangi choralar to‘g‘risidagi qaror 3 dekabr kuni shaharda bir sutkada koronavirusga chalinganlar soni 295 kishiga (butun Koreya bo‘yicha 629) yetganidan keyin qabul qilindi.
Cheklovlar maydoni 300 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan do‘konlar, kinoteatrlar, go‘zallik salonlari, ofis binolariga kiritiladi. Ular ertalab soat 5:00 da ochilishi mumkin. Kichik do‘konlar (300 kvadrat metrgacha) o‘z ishlarini davom ettirishlari, umumiy ovqatlanish muassasalari yetkazib berish bilan shug‘ullanishlari mumkin.
Bundan tashqari, soat 21:00 dan keyin avtobuslar va metro harakati 30 foizga kamayadi. O‘rta va oliy maktab o‘quvchilari 7 dekabrdan masofaviy o‘qishni boshlaydi. Sport zallari, muzeylar, konsert zallari va kutubxonalar ish vaqtidan qat’i nazar butunlay yopiladi.
Ma’lumot uchun, Koreyada COVID-19 kasalligiga chalinganlarning umumiy soni 37 mingga yaqinlashmoqda. Taxminan 550 kishi halok bo‘ldi, 27 ming kishi sog‘aydi.
LiveBarchasi