Prezident Bosh vazir o‘rinbosarlari va hokimlarga xizmatlar bo‘yicha topshiriq berdi

Jamiyat

2222

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xizmat ko‘rsatish sohasi aholi bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanadi. Mamlakatda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, servis industriyasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.

Ammo hozirda bu soha salohiyatidan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni ta’mirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik sub’ektlari kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kamida 160 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratish mumkin.

Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor.

Shavkat Mirziyoyev shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni o‘rganishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika ma’lumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Sohani rivojlantirish moliyaviy ko‘maksiz bo‘lmaydi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish loyihalari uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar yoki 1 trillion so‘mdan ziyod kredit resurslari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu mablag‘lar ham davlat, ham xususiy banklar orqali ajratiladi va kredit stavkasi 15 foizdan oshmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

xizmat ko'rsatish

Baholaganlar

106

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing