Prezident savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga oid farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari sonini yanada ko‘paytirish hamda ular tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda axborot texnologiyalari vositasida iste’molchilar, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat soliq xizmati organlarining uyg‘unlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish, uning hajmini keskin oshirish, hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasining savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma’lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni (keyingi o‘rinlarda – virtual kassa) onlayn nazorat kassa mashinalari (keyingi o‘rinlarda – onlayn-NKM) qatorida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi onlayn rejimida qabul qilingan fiskal ma’lumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaruvchi fiskal ma’lumotlar operatori (keyingi o‘rinlarda – operator) etib belgilansin.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda:

ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi;

kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega;

ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi;

virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi;

b) jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida o‘tkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablag‘lar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi;

v) jismoniy shaxslarning uy xo‘jaligi sharoitida, shu jumladan, dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, sotishdan, shuningdek, hayvonlarni tirik yoki ularni so‘yib sotishdan oladigan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishida, realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila a’zolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qilish tartibi bekor qilinadi.

4. Naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari

va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvardan boshlab har yili olis, yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini tasdiqlaydi va ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga mazkur Farmon bilan tasdiqlangan grafik tatbiq etilmaydi.

5. Belgilansinki, onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan:

taqdim qilingan xarid chekida (keyingi o‘rinlarda – chek) tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lganda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu ma’lumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;

ma’lumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda ma’lumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart;

to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart.

Ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikda ko‘rsatilgan muddatlar tugagandan keyin onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki fiskal belgiga ega bo‘lmagan cheklarni taqdim qilish – fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini yoki hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy bo‘lgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik deb baholanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli o‘yinlarni tashkil qilish bo‘yicha tajriba o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yil 1 noyabrga qadar yutuqli o‘yinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyulga qadar tajriba natijalariga ko‘ra uni Respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha tartib ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin.

9. “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:

uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar negizida onlayn-NKM, ma’lumotlarni onlayn rejimda davlat soliq xizmati organlariga uzatish funksiyasiga ega bo‘lgan maxsus qurilmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

onlayn-NKM va virtual kassaning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun barcha hududlarda texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 2019 yil 1 oktyabrga qadar muddatda:

tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sotilgan mahsulotlar (ishlar va xizmatlar) bo‘yicha ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatishni ta’minlovchi virtual kassa hamda fiskal modul uchun maxsus dasturiy ta’minotni ishlab chiqsin va joriy qilsin;

xaridorlar tomonidan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilarni mobil ilova yoki Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali ro‘yxatga olish tizimini joriy qilsin;

O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi ruxsat etilgan onlayn-NKM, virtual kassa va fiskal modulga qo‘yiladigan texnik talablarni, ularning yagona reyestrini hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish markazlarining Davlat reyestrini yuritishni, shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki QR-kodga (yoxud fiskal belgilarga) ega bo‘lmagan cheklarni taqdim qilish harakatlari yuzasidan “masofadan tekshiruv” tizimini hamda javobgarlikka tortish tartibini ishlab chiqsin va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.A.Musayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikka asosan respublikadagi naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.A.Musayev, moliya vazirining birinchi o‘rinbosari T.A.Ishmetov, Toshkent shahar hokimi J.A.Ortiqxo‘jayev zimmasiga – Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli o‘yinlarni tashkil qilish bo‘yicha javobgarlik yuklansin.

13. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mazkur Farmonning maqsad va vazifalari, mazmun-mohiyati va uning amalga oshirish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish tavsiya etilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 9 avgustdagi “Byudjet bilan hisob-kitoblar uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–1504-son Farmoni 3-bandining beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“naqd pul tushumiga ega bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar naqd pul tushumini banklarga topshiradilar. Bunda bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik o‘rtacha naqd pul tushumiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar naqd pul tushumini bank kassalariga har kuni inkassatsiya xizmati orqali yoki mustaqil ravishda topshiradilar. Ko‘rsatilgan hajmdan kam bo‘lgan kunlik o‘rtacha naqd pul tushumiga ega bo‘lgan yoki onlayn nazorat-kassa mashinalaridan (yoxud virtual kassadan) foydalanishga o‘tgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar naqd pul tushumini bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilaydigan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega”.

15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ushbu Farmonda ko‘rsatib o‘tilgan normalarni nazarda tutsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 6 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

farmon savdo xizmat ko'rsatish

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing