O‘zbekistonga Rossiyadan ko‘proq pul o‘tkazilyapti
Jamiyat
−
19 Sentabr 2019
5998O‘zbekistonga Rossiyadan pul jo‘natish hajmi oshdi. Shu yilning II choragida 1,2 milliard dollar yuborilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollar edi.
2019 yilning dastlabki olti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 2 mlrd. dollardan ziyod mablag‘ yuborilgan. Mamlakat ushbu ko‘rsatkich bilan mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi Tojikiston(1,1 mlrd. dollar) va Qirg‘iziston(935 mln. dollar)dan ancha o‘zib ketdi.
Pul jo‘natmalaridagi o‘sishning sababi o‘zbekistonliklar pul ishlash maqsadida Rossiyaga yanada ko‘proq ketayotganidir. Zero, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikda hamyurtlarimiz mehnat qilishlari uchun munosib sharoitlar yaratib berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda O‘zbekistonga kelgan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Spikeri Vyacheslav Volodin O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasiga mehnat migratsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turishini ta’kidlab, “Joriy yil iyul oyida O‘zbekistondan migrantlar soni 2,5 million kishini tashkil etdi. Biz uchun bu Rossiya iqtisodiyoti uchun muhim hissa va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘mak hisoblanadi”, degan edi.
2014 yilda rublning “qulashi”, sanksiyalar va boshqa voqealar tufayli Rossiyaga boradigan o‘zbekistonlik migrantlar soni qisqarishni boshlagan edi, biroq 2016 yilga kelib ushbu oqim qayta tiklanib, o‘sishni boshladi.
LiveBarchasi