Sergelidagi vaziyatdan foydalanib, aholidan pul undirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi

Jamiyat

image

Sergeli tumanida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa oqibatida yuzaga kelgan murakkab vaziyatdan foydalanib, aholidan pul undirish niyatida bo‘lgan shaxslar mavjudligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi. 

Bildirilishicha, hududda qilinayotgan ishlarning barchasi aholi uchun bepul amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim shaxslar hukumat tomonidan tekin amalga oshirilayotgan ishlar uchun fuqarolardan pul so‘rab, ularning soddaligidan foydalanishga urinmoqda.

“Barcha ishlar bepul bajarilmoqda, noinsof shaxslarning gaplariga ishonib, aldanib qolmang!”, deya ogohlantirgan shahar hokimligi.

Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza romlariga zarar yetdi.

Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi. Bugungi kunda mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yong‘in oqibatida talafot yetgan xonadonlarni sovuq tushmasidan ta’mirlash bo‘yicha topshiriq bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Sergelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing