Sergelidagi portlash bo‘yicha sud ishi boshlandi

3-sahifa

image

16 yoshli o‘smirning o‘limiga sabab bo‘lgan, 163 nafar odam jarohatlangan Sergelidagi portlash bo‘yicha sud ishi boshlandi. Bu haqda sudda bevosita qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri Mohinur Mamatova xabar berdi.

Dastlabki sud majlisi bugun, 3 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda 4 nafar shaxs, “Interlogistics” MCHJ rahbari va qo‘riqchisi, “Polychem” MCHJ boshqaruvchisi hamda bir nafar xodimi sudlanmoqda. Sudlanuvchilarning barchasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanmoqda.

Sudda 20 ga yaqin fuqarolar jabrlanuvchi sifatida qatnashyapti. Sud ochiq bo‘lishi belgilangan, biroq sud majlisi o‘tgan xonada nafaqat ommaviy axborot vositalari vakillari, balki sudlanuvchilarning yaqinlari va jabrlanuvchilar qatnashishi uchun sharoit va joy yetarli emas. Shu sababli, advokatlar tomonidan kelasi sud ishini Toshkent shahar sudi binosida ko‘rib chiqish taklif etildi.

Sudda aytilgan ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida yetkazilgan zararning summasi hali hisoblab chiqilmagan. Sudlanuvchilarga ayblov xulosasi taqdim etilmagani tufayli sud ishi 8 may kuniga qoldirildi.

Sergelidagi portlash

O‘tgan yilning 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi. 

Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi

Omborxonada sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Hukumat qarori bilan  4 kishi qamoqqa olindi. Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergelida qancha boyliklar yonib ketgani haqida QALAMPIR.UZ maxsus reportaj tayyorlagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing