Sergelida “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirildi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurib, tumanda raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Sergeli tumani hokimligi binosida hokimlik bilan birga yana beshta tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular “yagona darcha” tamoyili asosida aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat yuborish imkonini beruvchi maxsus qurilma ishga tushirilgan. Tizim orqali murojaat yuborilganda navbatchi inspektor murojaatchi bilan videoaloqa o‘rnatadi, murojaat avtomatik ravishda ro‘yxatga olinadi va fuqaro xizmat sifati hamda inspektor faoliyatini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozorlar va boshqa ob’ektlarda kengroq joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan.

Tashrif davomida hokimlik huzurida tashkil etilgan vaziyatlar markazi faoliyati ham taqdim etilgan. Sun’iy intellekt asosida ishlovchi “Aqlli tuman” platformasi 17 ta axborot tizimini o‘zaro bog‘lagan. U ijtimoiy va kommunal muammolarni monitoring qilish, fuqarolar murojaatlari ijrosini nazorat qilish hamda favqulodda vaziyatlarda tegishli xizmatlar faoliyatini tezkor muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tumandagi 46 ta mahalla videokonferensaloqa orqali vaziyatlar markaziga ulangan. Hozirda 25 ta maktabni ham ushbu tizimga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining raqamli xaritasi esa sun’iy intellekt yordamida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini oshirishga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda dars qoldirish holatlarini nazorat qilish hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishar ekan, mazkur tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan. Shuningdek, tashrif davomida poytaxtda ta’lim tizimi va qurilish sohasini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliqlar yig‘iluvchanligini oshirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Sergeli tumanidagi “O‘zgarish” mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yerusti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing