Sergeli metro liniyasi qachon ishga tushirilishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
28 mart 2019
17428Bugungi kunda poytaxtda metro qurilishi bo‘yicha uchta loyiha – Sergeli, Yashnobod yer usti halqa metro yo‘llari hamda Yunusobod yer osti metro qurilishi davom etmoqda, deya xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi qaroriga muvofiq uzunligi 6,8 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati – 170,1 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya’ni, mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan asosiy loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu yo‘nalishdan 6 ta bekat o‘rin olgan.
Bugungi kunda ushbu hududda 221 ta estakada tayanch ustunlarining loyiha-smeta hujjatlari olindi. 158 ta kotlovanda shag‘al tashlash va beton qatlami bilan tayyorlash ishlari tugatildi. 21 ta kotlovanda poydevorning rostverkni betonlash jarayoni amalga oshirildi. Shuningdek, 119 dona rigel montaj qilindi. 296 dona oraliq qurilmalari (balkalar) o‘rnatildi. 5 ta vagondan iborat metro poyezdiga mo‘ljallanib qurilayotgan bekatlar usti yengil metall konstruksiyalaridan ishlangan ark ko‘rinishidagi karkasga o‘rnatilgan kompozit materialli yopma (naves) bilan yopiladi. Yo‘lovchilarning stansiyaga kirishlari uchun bir tomondan 3 ta eskalator va ikkinchi tomondan imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun lift o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Shu tomonda yana avariya holatlarida foydalanish uchun zinalar o‘rnatiladi.
Ushbu liniyani 2019 yil oxiriga qadar qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi