Sergeli avtomobil bozori xususiylashtiriladi
Jamiyat
−
02 dekabr 2020
6479Toshkentdagi Sergeli avtomobil bozorining 100 foiz ulushi xususiy sektorga sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlarida ko‘rsatib o‘tilgan.
Ommaviy savdolar orqali sotilishi va ijara berilishi rejalashtirilgan davlat aktivlari ro‘yxatiga mazkur bozorni boshqaruvchi “ISTE`MOLDA BO`LGAN TRANSPORT VOSITALARI VA EHTIYOT QISMLAR SERGELI BOZORI” MCHJ kiritilgan.
MCHJ ustav fondi 14 mlrd 138 mln 686,8 ming so‘mni tashkil qiladi. Uning 100 foiz ulushi davlatga tegishli va barchasi sotiladi.
MCHJ 2018 yilda 21,2 mlrd, 2019 yilda 28,2 mlrd so‘m daromad ko‘rgan. Daromadning mos ravishda 12,7 mlrd va 15,5 mlrd so‘mi soliqlan uchun to‘langan.
2018 yilda sof foyda 320,6 mln so‘mni tashkil qilgan. 2019 yilda o‘n barobar ko‘p 3,3 mlrd so‘m sof foyda tushgan. Aktivlar rentabelligi esa 2018 yildagi 0,34 foizdan 2019 yilda 0,54 foizga yetgan.
MCHJning kreditor qarzdorligi 1 mlrd 517 mln so‘mga yetgan. Bu qarz asosan 2020 yilda shakllangan. Kompaniyaga 3,7 mlrd qarz to‘lanishi kerak.