Serbiyani og‘ir kunlar kutmoqda – Vuchich 

Olam

image

Serbiyani qiyin kunlar kutmoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Aleksandr Vuchich ogohlantirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 48 soat ichida hozir gapirish oson bo‘lmagan muhim xabarlar kelib tushgan.

“Ular Serbiya va Serbiya Respublikasining (Bosniya va Gersegovina tarkibidagi ikkita sub’ekt) hayotiy muhim milliy manfaatlariga bevosita tahdid soladi. Yaqin kunlarda men serb xalqini oldinda turgan barcha muammolar haqida xabardor qilaman. Bu har doimgidek qiyin bo‘ladi. Biz kurashamiz, Serbiya g‘alaba qozonadi”, deb yozdi Vuchich ijtimoiy tarmoqda.

Vuchich aynan nimani nazarda tutayotganiga oydinlik kiritgani yo‘q. Biroq, “Radio Sarajevo”ning taxmin qilishicha, Prezident nazarda tutayotgan tahdidning ikki xil versiyasi bor. Bu Kosovoning Yevropa Kengashiga qo‘shilishi haqidagi xabar yoki Bosniya va Gersegovina saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Serbiya Mudofaa vaziri Milosh Vuchevichning ma’lum qilishicha, hozirda Kosovoning Yevropa Kengashiga a’zo bo‘lish haqidagi arizasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Uning fikricha, bu barcha xalqaro me’yorlarni buzish hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 2008 yilda Serbiyadan mustaqilligini bir tomonlama e’lon qilgan Kosovo 2022 yilning 12 mayida Yevropa Kengashiga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza berdi.

Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasining Siyosiy ishlar va demokratiya qo‘mitasi kecha, 27 mart kuni  Kosovoning Kengashga a’zolik arizasini muhokama qilish bo‘yicha yagona kun tartibi bilan yig‘ilish o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Vuchich Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing