Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtiryapti
Jamiyat
−
19:31 266 2 daqiqa
O‘zbekistonda Serbiya elchixonasi ochilishi mumkin. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Serbiya Respublikasining Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida Hukumatlararo bitimni imzolash masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shuningdek, Serbiya tomoni mamlakatda o‘tkaziladigan EXPO 2027 xalqaro ko‘rgazmasi ob’ektlari qurilishiga o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Bu yo‘nalishda kadrlarni oldindan tayyorlash va munosib mehnat sharoitlariga ega ish o‘rinlariga yo‘naltirish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, Serbiyaning O‘zbekistonda elchixona ochishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan. Bu O‘zbekistonliklar uchun hozirda Ostona shahri orqali amalga oshirilayotgan viza rasmiylashtirish jarayonlarini ancha soddalashtirishi kutilmoqda.
Muzokaralar Serbiya Milliy bandlik xizmati direktori Milan Bosnich bilan davom ettirilgan. Tomonlar Hukumatlararo bitim ratifikatsiya qilingach, ikki idora o‘rtasida mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnomani imzolashga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘lgan edi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlagan salmoqli hujjatlar to‘plami almashildi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisiga Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordenini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Belgrad ko‘chalaridan biriga “Toshkent” nomi berildi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki davlat rahbarlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.
Live
Barchasi