Serbiya tarixda ilk bor NATO bilan harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
13 may 607 2 daqiqa
Serbiya o‘z tarixida birinchi marta NATO bilan hamkorlikdagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga kirishdi. Mashg‘ulotlar joriy yilning 23 mayigacha davom etadi. Unda Serbiya, Italiya, Ruminiya va Turkiyadan jami 600 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jarayonni Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bir qancha davlatlar, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya kuzatuvchilari kuzatib bormoqda. O‘quv mashg‘ulotlari mamlakat janubidagi Buyanovats shahri yaqinida joylashgan “Borovats” poligonida o‘tkazilmoqda. Ular taktik xarakterga ega bo‘lib, asosiy maqsad tajriba almashishdir.
“Ikki haftalik dala o‘quv mashg‘ulotlari davomida tinchlikparvar operatsiyalarda qo‘llaniladigan taktika, uslub va tartiblar, masalan, baza xavfsizligini ta’minlash, nazorat-o‘tkazish punktlarida ishlash, ommaviy yig‘ilishlarni nazorat qilish va shahar sharoitidagi janglar mashq qilinadi”, deya qayd etgan Serbiya harbiy idorasi.
Vazirlik, shuningdek, ushbu manyovrlar Serbiya va NATO o‘rtasidagi “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturi doirasidagi “o‘zaro manfaatli, aniq va shaffof hamkorlik”ning davomi ekanini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, alyans mamlakatning harbiy betarafligini hurmat qilishi ta’kidlangan.
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich joriy yilning mart oyida milliy rivojlanish strategiyasini taqdim etar ekan, NATO bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan. U ushbu mashg‘ulotlar “tinchlik va barqarorlikni saqlashga, mamlakat xavfsizligini ta’minlashga” xizmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, Belgrad o‘z harbiy betarafligini qat’iy saqlashini va barcha bilan yaxshi munosabatlar qurishini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning mart oyida Vuchich Serbiya Yugoslaviyaning bombardimon qilinishini unutmagani sababli NATOga a’zo bo‘lmasligini aytgan. 1999 yil 24 martda NATO BMT Xavfsizlik Kengashining ruxsatisiz mamlakatga qarshi “Ittifoqchi kuchlar” harbiy operatsiyasini boshlagan. Bombardimonlar 78 kun davom etgan. Belgrad ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida qariyb 2 ming kishi halok bo‘lgan, yetkazilgan zarar esa, 542 milliard dollarni tashkil etgan.
Live
Barchasi