Senatorlar o‘zlari ma’qullagan qonunni eslay olmadi

Jamiyat

image

Joriy yilning 26 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilib, ma’qullagan edi. Biroq oradan qariyb besh oy o‘tganiga qaramay bu qonun kuchga kirgani yoki Prezident tomonidan qaytarilgani haqida OAVga hech qanday ma’lumot berilmadi.

Kecha, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlis yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalist senatorlarni davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosi masalasida savolga tutdi.

“Davlat tili to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda Senatga kiritilmagan. Buning ustida kimlardir ishlayotganidan xabarimiz bor. Lekin hali loyiha sifatida ko‘rilmagan. Qonunchilik palatasidan Senatga kirib kelmagan”, dedi Senatning sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Narimon Umarov savolga javoban.

Jurnalist senatorga 16-yalpi majlisda ma’qullangan qonunni eslatishga uringanida Narimon Umarov quyidagi javobni berish bilan cheklandi:

“Biz kecha-yu kunduz Senatda ishlaymiz, siz bir esingizga kelganida senat bilan gaplashasiz. Kirgan bo‘lsa, “Kirgan”, deb aytar edik. Kirmaganni “Kirmagan”, deb aytamiz. Bu masalani Qonunchilik palatasidan so‘rang, bizda  yo‘q. Bor narsani “Bor”, deylik, yo‘qni “yo‘q”. Kimdir saylov oldi jarayonida”Qonunga o‘zgartirish qilaman”, deb yuribdi. Bu o‘zgarish emas. Bu qonunga kirishi kerak, loyiha sifatida qabul qilinishi kerak”.

Ma’lumot uchun, yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, shu yilning 24 mart kuni qabul qilgan edi. Shundan so‘ng, qonun 26 iyun kuni Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilinib, ma’qullandi. Bu haqda Senatning rasmiy saytida ham ma’lumot berilgan.

Shu o‘rinda, Konstitutsiyaning 84-moddasiga binoan, Senat ma’qullagan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun o‘n kun ichida Prezidentga yuboriladi. Qonun Prezident tomonidan 30 kun ichida imzolanadi va e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat tili Senatorlar

Baholaganlar

397

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing