Senatorlar fuqarolik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu qonun bilan nima o‘zgaradi?
Jamiyat
−
28 fevral 2020
7590Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi ishi davom etmoqda. Senatorlar majlis kun tartibidagi masalalarni yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.
Qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘yganligi ta’kidlandi. Qonunda fuqarolik sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Qonun bilan mustahkamlanayotgan yangi normalar haqida so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qo‘yilgani qayd etildi. Bundan tashqari, tug‘ilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha bolalarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini belgilash tartibi mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilgan.
So‘zga chiqqanlar Qonun qabul qilinishi bilan sohaga doir qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti bir xilda bo‘lishi, inson huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Suratlar muallifi: Bahodir Ahmedov
LiveBarchasi