Senatorlar bog‘chalar to‘g‘risidagi Qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Bugun, 14 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga yo‘naltirilgan ushbu Qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari belgilanmoqda. Mazkur sohadagi davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda:

•    Vazirlar Mahkamasi;
•    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;
•    Maktabgacha ta’lim vazirligi;
•    Sog‘liqni saqlash vazirligi;
•    o‘z tasarrufida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lgan boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari.

Bundan tashqari, fuqarolar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Qonunda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, jismoniy shaxslar tomonidan bu sohada ta’lim xizmatlari ko‘rsatish haqidagi normalar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standarti, maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi, ta’lim berish tili, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish rejimi, maktabgacha bo‘lgan yosh va uning davrlar, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish belgilanmoqda.

“Davlatimiz rahbari rahnamoligida yosh avlodni bog‘cha yoshidan tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratilib, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan alohida vazirlik tashkil etildi”, deydi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va bolalarning sifatli maktabgacha ta’limdan teng foydalanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda 9 770 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 million nafardan ziyod bolalarga ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda. Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni ham ortib, xususiy maktabgacha ta’lim muassasalar soni 753 taga, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 419 taga hamda oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalarining soni 2 770 taga yetdi.

Ta’kidlanishicha, Qonun qabul qilinishi ta’lim tizimini tubdan yaxshilash va ta’limni xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyalash, shuningdek ta’lim sifatini yaxshilash uchun imkoniyatlar yaratishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat 25-Yalpi majlis

Baholaganlar

76

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing