Senator saytlardagi pornografiyaga qarshi faqat Karimov usulida kurashish mumkinligini aytdi

Intervyu

O‘zbekistondagi milliy domendagi veb-saytlarda tarqatilayotgan pornografik kontentlarni yo‘q qilish uchun Oliy Majlis Senati tomonidan 10 ta asosiy vazifa ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev QALAMPIR.UZʼga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Senator milliy domen ostidagi saytlarga joylashtirilayotgan behayo kontentlar bilan qanday kurashish mumkinligi haqidagi savolga javoban, bu yo‘lda avvalo qonunchilikni takomillashtirish kerakligini aytib o‘tdi.

“Bu masalada bitta fikr ayta olaman. Bugun fikrga qarshi faqat fikr, g‘oyaga qarshi faqat g‘oya, jaholatga qarshi faqatgina ma’rifat bilan kurasha olamiz. (“Fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda”. Islom Karimov – “Yuksan ma’naviyat – yengilmas kuch”, 2008 yil, “O‘zbekiston” nashriyoti. 3-bob, 81-bet.) Eng katta qurolimiz – shu. Vikipediyalarni rivojlantirish, qonunchilikni qayta takomillashtirish, yoshlar orasida targ‘ibotni kuchaytirish va to‘laqonli tatbiq etish tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi”, deydi senator.

Shuningdek, Farhod Boqiyev milliy domen ostidagi turli behayo kontentlarni yo‘q qilish uchun amalga oshirish rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

“Hozir parlament so‘rovida 10 ta vazifa qo‘yilyapti. Agar kengroq dunyoqarash bilan qaraydigan bo‘lsak, bu faqatgina Hukumatning ishi emas, balki butun bir jamiyat va davlatning ishi. Dunyoga nazar solsak, qaysi davlat, qaysi xalq bo‘lmasin, o‘zining millati, taraqqiyoti, ertangi kuni va qadriyatlarini asrash uchun o‘z g‘oya va mafkurasi bilan juda qattiq kurashadi. Aynan shu mazmunda bugun ma’naviyat va targ‘ibot borasida ham, Hukumat, Parlament, OAVning oldida ham juda katta masalalar turibdi. Bu keng jamoatchilik bilan birgalikda harakat qilinsa, natijasi seziladi”, deydi Farhod Boqiyev.

Avvalroq, o‘tgan yili dekabr oyida o‘tkazilgan monitoring natijasida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 289 ta veb-saytda pornografik kontentlar aniqlangani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Parlament pornografik kontentlarni Yuksan ma'naviyat – engilmas kuch

Baholaganlar

662

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing