Senator qonunning rus tilidagi matniga e’tiroz bildirdi
Jamiyat
−
30 aprel 8067 2 daqiqa
Kecha, 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni muhokama qilinayotganda senator Azamat Ziyo qonun faqat davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida qabul qilinishi kerakligini eslatdi.
Majlisda qonun yuzasidan Senatning byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev ma’ruza qildi. Qabul qilinayotgan qonunning o‘zbek tilidagi va rus tilidagi versiyasiga ham o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish ko‘zda tutilgan edi. Senator Ziyo Azamat Hamid o‘g‘li e’tiroz bildirib, qoidaga ko‘ra, qonunlar faqat o‘zbek tilida qabul qilinishi kerakligi, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin ekanini aytdi.
Erkin Gadoyev esa buni qonun avval ikkita tilda qabul qilingani bilan izohladi. Senat Raisi Tanzila Norboyeva Erkin Gadoyevning fikrini ma’qullab, muhokamaga yakun yasadi:
“Qonun avval ikkita tilda qabul qilingan. Bu noto‘g‘ri emas. Qonunlar hozir davlat tilida, avvallari rus tilida yozilar edi. Keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinardi. Hozir unday emas, birdaniga o‘zbek tilida qonunlar yozilmoqda. Shuning uchun avval ikkita tilda bo‘lgani uchun rus tilidagi matnga ham o‘zgartirish kiritilishi kerak”, dedi Norboyeva.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Live
Barchasi