Senatning to‘ylar haqidagi qarori Konstitutsiya va inson huquqlariga zidmi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda ma’lum cheklov va tartiblar o‘rnatilmoqda. 

Albatta, bu qarorni iliq kutib olganlar, yaxshi bo‘ldi, deb fikr bildirayotganlar talaygina. Biroq, uni rad etishga urinayotgan, Konstitutsiyaviy erkinlik, inson huquqlari toptalyapti, deb iddao qilayotganlar ham bor. Senatda bugun, 20 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda senator Iqbol Mirzo mazkur masalaga to‘xtaldi: 

“Ijtimoiy tarmoqlarda bu qarorda konstitutsion huquqlar qanchalik ko‘zda tutilgan, insonning erkinliklari toptalmayaptimi, degan savollar ko‘zga tashlandi. O‘ylab qarasangiz, bunday cheklovlarni yoqtirmaydigan odamlar har xil nayranglar qilib ko‘radi. Bu qarorda inson huquqlari hech qanday ko‘rinishda chegaralanayotgani yo‘q. Buni huquqshunoslarimiz ham tasdiqlab berishdi. Bu yerda hech qanday konstitutsion huquq haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi shoir-senator. 

Qaror bilan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ham tasdiqlandi. Ayni kunlarda esa ushbu Nizom jamoatchilikning fikri bilan yanada boyitilmoqda. U 2020 yil 1 yanvardan amal qiladi. Iqbiol Mirzo qaror va Nizomga izoh berarkan, bu odamlarning shaxsiy hayotiga aralashish emasligini ta’kidlaydi:

“Biz ularga falonchining qizini olasan yoki falonchining o‘g‘liga qizingni berasan, deb shart qo‘yayotganimiz yo‘q. To‘yingni tartibli o‘tkaz deyapmiz, xolos. Aksincha, sen boshqalarning huquqlarini, boshqalarning tinchligini buzmagin, ko‘chada tartibli harakatlangin deyapmiz. Davlatning timsollari aks etgan valyutani sochib, uning ustida o‘yinga tushmagin deyapmiz. Ortiqcha dabdababozlik, ortiqcha isrofgarchilik bilan kambag‘al odamlarning izzat-nafsi, nafsoniyatiga tegmagin deyapmiz. Biz insofga chaqiryapmiz. Agar insofga chaqirish Konstitutsiyaga zid bo‘lsa, bu masalani alohida ko‘rish kerak bo‘ladi”. 

Senator so‘zida davom etib, to‘ylarda ichki ishlar xodimining ishtiroki bilan bog‘liq tarqalayotgan gap-so‘zlarga aniqlik kiritdi. 

“Ikkinchi savol shuki: nimaga endi bu masalani nazorat qilish ichki ishlarga topshirilyapti? Masala ichki ishlarga topshirilayotgani yo‘q. Qarorda ichki ishlarni xabardor qilib qo‘yish haqida gap boryapti. Ichki ishlarning javobgarligi kuchaytirilyaptiki, kortejlar harakatlanayotganida, “ZAGS karvoni” yurgan paytda xavfsizlikka ko‘proq e’tibor qaratilsin va to‘yxonalardagi tartibbuzarliklarni hisobga olinsin. 

Hammamiz to‘ylarda bo‘lamiz. Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, shu paytgacha birorta janjalsiz to‘y ko‘rmaganman. Men borgan to‘ylarda ichib olgan yigitlardan ikkitasi chiqib olib, albatta, yoqalashayotgan bo‘ladi. Busiz bo‘lmaydi. Ishchi ishlarga shunday holatlarga e’tibor beringlar degani, to‘yni ichki ishlarga topshirib qo‘ydi degani emas-ku. Ichki ishlarga o‘zini vazifasini bajarib, tartibni saqlash yuklanyapti. Odamlar esa ichki ishlar xodimi to‘yxonaga kirib, odamlarni sanaydimi, degan gaplarni chiqarishyapti. Bunday emas, qarorni odamlarga to‘g‘ri tushuntirish kerak”. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Iqbol Mirzo To'y

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing