Tojikistonda vahima. Koronavirusdan qo‘rqqan aholi do‘konlarga yopirildi
Olam
−
06 mart 2020
21699Tojikistonda koronavirus xavfi sabab masjidlarning yopilishi, shuningdek, Navro‘z bayramini o‘tkazishda cheklovlar e’lon qilinishi va barcha bayram tadbirlarining bekor qilinishi aholi orasida ommaviy vahimaga sabab bo‘ldi. Mamlakat aholisi strategik mahsulotlar: un, yog‘, guruch, shakar, tuzni to‘plashga urinish uchun darhol oziq-ovqat bozorlari va do‘konlarga yopirilib keldi. Shuningdek, nonga katta talab paydo bo‘ldi. Ushbu mahsulotlarning narxi keskin ko‘tarildi. Bu haqda “Eastfruit” xabar bermoqda.
Odamlar bozorlar ham karantin ostida bo‘lishidan qo‘rqib, asosiy mahsulotlar sotiladigan do‘konlarda katta navbatlarni vujudga keltirishdi. Shu bilan birga, Tojikiston hukumati aholini vahimaga tushmasliklari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda - press-relizlar e’lon qilinmoqda va mamlakatda hamma uchun yetarli oziq-ovqat mavjudligi haqida bayonotlar berilmoqda. Biroq bunday bayonotlar teskari ta’sir ko‘rsatib, faqat hayajonga sabab bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidovning so‘zlariga ko‘ra, yog‘, guruch, shakar, un, non va tuzga talabning o‘sishi mevalarga bo‘lgan talabning keskin pasayishiga olib keldi. Mahalliy aholi uzoq vaqt saqlanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni afzal ko‘rmoqda. Shunga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlariga ko‘p pul sarflagan iste’molchilarda yangi meva sotib olishga pul qolmayapti.
Baxtiyor Abduvohidovning so‘zlariga ko‘ra, Tojikistonda sabzavot va kartoshkaga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarmagan. Chunki odamlar ularni uy sharoitida uzoq vaqt saqlay olmaydi. Ularga talab biroz pasaygan.
Avvalroq, Tojikiston Islom markazi ulamolar kengashi idorasi respublika fuqarolari va imomlarni koronavirus xavfi sababli masjidlarga borishdan tiyilishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi