Senatning martdagi majlisidan keyin ko‘rinmay qolgan Komilovning daragi chiqdi
Jamiyat
−
24 may 2022
28187Joriy yilning 22 may kuni O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan ibn Abdulla bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda “Saudi Press Agency” xabar berdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va ularni mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro maydondagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilingan.
Qayd etish kerakki, Saudiya axborot agentligi Abdulaziz Komilovni O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili deb aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Komilov bungacha salomatligi bilan bog‘liq muammo tufayli xorijda davolanayotgan edi. U haqida ancha vaqtgacha hech qanday ma’lumot berilmagandi.
Abdulaziz Komilov so‘nggi bor joriy yilning 17 mart kuni Senat yalpi majlisida ko‘rinish bergan edi. Unda vazir rasmiy Toshkent o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini tan olmasligi, Ukrainaning hududiy yaxlitligini esa qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Shundan so‘ng, u hech qayerda ko‘rinish bermadi. Oy oxirlariga kelib esa, Komilovning xorijda davolanayotgani xabar qilindi.
Ma’lumot uchun, Abdulaziz Komilov aprel oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.
LiveBarchasi