Senatda Ombudsman faoliyati tanqid qilindi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
7757Bugun, 7 aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, majlisda Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, Ombudsman faoliyatida ayrim kamchiliklar saqlanib qolganligi senatorlar tomonidan qayd etilgan.
Jumladan, 2022 yilning 2-yarim yilligida Yagona onlayn platforma orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Ombudsman faoliyati nisbatan past baholangan.
Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga kiritilgan ta’sir choralarining samaradorligi pasaygan.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari ayrim viloyatlarda tashkil etilmagan.
Ombudsman tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida 2022 yilda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 387 nafar bola oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilmagani, uy-joy berilishi rejalashtirilgan 25 nafar bola esa uy-joy bilan ta’minlanmagani senatorlar tomonidan haqli ravishda tanqid qilingan.
Majlisda Ombudsmanga eng ko‘p murojaat yo‘llangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan ta’sir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tadbirlari natijadorligiga alohida e’tibor qaratish yuzasidan takliflar ilgari surilgan.
Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan kichkintoylarning oilalarga va bolalar muassasalariga to‘liq joylashtirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, oilalarga berilgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularga yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilingan.