Andijonda ham sog‘lom odam ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildimi?
Jamiyat
−
23 iyul
7116Andijon viloyatida sog‘lom sotuvchi Psixonevrologiya dispanseriga majburiy joylashtirilganligi yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaat nazoratga olinib, Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga o‘rganish uchun yuborildi. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar berdi.
Mintaqaviy vakil murojaat qilgan fuqarolar S.P. hamda O‘.O.lar bilan shaxsan suhbatlashganda, ular 1994 yilda tug‘ilgan sotuvchi sherigi B.M. sog‘lom bo‘lishiga qaramay ota-onasi tomonidan Andijon viloyati Psixonevrologiya dispanseriga majburiy joylashtirilganligini ma’lum qilgan.
“Ushbu murojaat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi. O‘rganish davomida fuqaro B.M.ning otasi, onasi va turmush o‘rtog‘i hamda boshqa qarindoshlari bilan suhbatlashildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, B.M.ning 2 nafar farzandi bor, qator ko‘chmas mulk ob’ektlarining egasi. Keyingi paytlarda uning ruhiy holatida o‘zgarishlar bo‘lganligi, hattoki, 2002 yilda tug‘ilgan va birga savdo qiladigan fuqaro O‘.O.ni o‘g‘il qilib olish haqida ko‘p gapiradigan bo‘lib qolgani sababli shu yilning mart oyida birinchi marotaba viloyat Psixonevrologiya dispanseriga joylashtirilgan. Sog‘lig‘i yaxshilanganligi sababli aprel oylari oxirida olib ketilgan. Lekin ko‘p o‘tmay fuqaro B.M.ning sog‘lig‘i yana yomonlashgani sababli dispanserga qayta yotqizilgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bemorning yaqin qarindoshlari fuqarolar S.P. hamda O‘.O.lar B.M.ga yomon ta’sir o‘tkazganligini ma’lum qilgan. Ular 2024 yilning 23 may kuni Psixonevrologiya dispanseri kichik tibbiy xodimi bilan kelishib, bemor B.M.ni olib qochishga urinishgan, lekin Shahrixon tumani IIB profilaktika inspektori S.Azimov tomonidan to‘xtatib qolingan.
Qayd etilishicha, ishchi guruh a’zolari bemor B.M. bilan ham suhbatlashgan. U ota-onasiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini, sog‘ligi yaxshi tomonga o‘zgarganini, shifoxonada sharoitlar yaxshi ekanini aytib, do‘stlari O‘.O. va S.P.lar shifoxonaga boshqa kelmasligini so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 2024 yil 23 may kuni bemor B.M.ni davolanayotgan joyidan qochishiga yordam bergan va boshqa kunlari ham S.P. hamda O‘.O.larni bemor oldiga kiritgani uchun 2-bo‘lim kichik tibbiy xodimi Ombudsman talabnomasi asosida ishdan bo‘shatilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq fuqaro tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari bilan hamkorlikda qonunga zid ravishda Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgani aniqlangandi. Fuqaroni o‘zining roziligisiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorga “hayfsan” berildi.