Senat yana e’tirozlarga sabab bo‘layotgan qonunni himoya qildi
Jamiyat
−
16 yanvar 2024
14097Kecha, 15 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida aholining asosli e’tiroziga sabab bo‘layotgan ichki ishlar organlari xodimlarini video va fotoga olib tarqatmaslikka oid qonun loyihasi yana muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, majlisda senatorlar, Qo‘mita huzurida tashkil etilgan Ekspert guruhi a’zolari, soha mutaxassislari, olimlar, shuningdek, Ichki ishlar, Adliya va Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va OAV xodimlari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda mamlakatda ro‘y bergan YTHlar bo‘yicha ba’zi statistik ma’lumotlar o‘qib eshittirilgan. Xususan, qayd etilishicha, 2023 yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok bo‘lgan va 8 055 nafar inson tan jarohati olgan. Shuningdek, 2020 yilda mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 25 035 ta, 2021 yilda 40 542 ta, 2022 yilda 47 365 ta va 2023 yilda 41 866 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Shu bilan birga, 2023 yilda qariyb 6 ming haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganidan so‘ng, takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan. Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020-2023 yillarda qariyb 500 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida ushbu davrda 271 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, muhokama qilinayotgan Qonun bilan Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanayotgani aytib o‘tilgan.
Biroq Senatning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan bayonotda muhokama qilinayotgan Qonundagi aholining asosiy e’tiroziga sababchi bo‘layotgan ichki ishlar organlari xodimlarini video va fotoga olish va uni internetda tarqatish ta’qiqlanishini nazarda tutuvchi bandi haqida lom-mim deyilmagan.
Eslatib o‘tamiz, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi parlamentning quyi palatasida muhokama qilinganda Doniyor G‘aniyev, Umidjon Jabborov kabi deputatlar unga qarshi ekanini bildirishiga qaramay, u uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgandi. 11 yanvar kuni ham Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida mazkur qonun muhokama qilingandi. O‘shanda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani va muayyan choralar belgilangani ta’kidlangandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar