Senat o‘zi chiqargan qarorni o‘zi tushunmayaptimi?

Jamiyat

O‘zbekistonda boylar jamiyatni tabaqalashuviga sabab bo‘lib, urushsiz mamlakatni xonavayron qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi Iqbol Mirzo kecha, 20 sentyabr kuni Senatda o‘tgan yig‘ilishda gapirgan. 

Ma’lumki, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Kecha To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

“Bizning oldimizga qo‘yilgan talab shuki, ortiqcha vahima uyg‘otmasdan, to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Real bir holatga kelib qoldikki, boylar dabdabali to‘ylar, isrofgarchiliklari, pul sochishlari bilan jamiyatda tabaqalashish, jamiyatni ikkiga bo‘lish darajasiga olib  kelib qo‘ydi. Bu urushsiz mamlakatni xonavayron qilish degani. Mana shu narsani to‘g‘ri tushuntirish kerak. Shu darajaga kelib qolganimiz uchun ham Senat va Oliy Majlis qonun darajasidagi qo‘shma qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Endi biz buni amalga oshirmasak bo‘lmaydi. Buni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida  gaplashamiz. Hali bu qaror takomillashtirilyapti. Adliya vazirligi uning normalarini ishlab chiqyapti”.

Iqbol Mirzoning ayrim gaplari kishini hayratda qoldirdi. Masalan, qaror asosida qabul qilingan Nizomda to‘yda ikki nafardan ortiq xonanda yoki guruh ishtirok etishi taqiqlangan. Ovoz uzatgichlarga ham ma’lum bir cheklovlar qo‘yilgan. Biroq, buning ijrosi qanday ta’minlanishi hamon mavhum. Xo‘sh, senatorlar endi to‘yma to‘y yurib qaror ijrosini tekshiradimi yo ichki ishlar? Senator Iqbol Mirzoning o‘zi ham bundan tashvishda.

“To‘yga kelgan odamlarni kim sanaydi, ularga jarima, ma’muriy jazo qanday bo‘ladi? Bu masalalarni oydinlashtirib olishimiz kerak. 

“O‘zbekkonsert” menga murojaat qildi: qarorda aytilganidek ikki nafar xonanda yo ikki guruh qatnashishini kim nazorat qiladi? Yoki ovozning balandligini kim o‘lchab beradi, qaysi to‘yxonaga kim u o‘lchagichni ko‘tarib yuradi? Mana shu masalalarni yechib olishimiz kerak. Gapning ochig‘i to‘ylarga borishga odam bezillaydi, birov bilan gaplashib o‘tirolmaysan. Umuman gaplashib bo‘lmaydi, faqat shovqin. O‘zi nima bo‘lyapti deb hayron qoladigan darajada”, deydi senator. 


Maqola muallifi

Teglar

Senat Iqbol Mirzo To'y

Baholaganlar

244

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing