Senat Surxondaryoda IIB xodimlari fuqaroni o‘lasi qilib do‘pposlagani bo‘yicha ba’zi tafsilotlarni ochiqladi

3-sahifa 15262
image

Avvalroq, joriy yilning 29 iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatov ismli fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan majburlab olib ketilib, vahshiylarcha qiynab o‘ldirilgani haqidagi xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi holatga munosabat bildirib, voqeaning ayrim tafsilotlarini ochiqladi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 10 iyul kuni Denov tumani Oxtom mahallasida fuqaro Yu.Xushmatov tuman ichki ishlar organlariga akasi X.Xushmatov yashash uyida janjal qilib tinchligini buzayotganligi haqida xabar bergan.

Tuman IIB profilaktika inspektori S.Pardayev X.Xushmatovning yashash xonadoniga yordamchilari X.Sheraliyev va T.Farmonov bilan borib, X.Xushmatovni tuman IIBga o‘z boshqaruvida bo‘lgan LADA X-RAY rusumli avtomashinasida olib kelayotganda mast holat bo‘lgan X.Xushmatov faol qarshilik ko‘rsatgan. X.Xushmatovni tinchlantirish maqsadida profilaktika inspektori yordamchilari X.Sheraliyev va T.Farmonov o‘z vakolatlari doirasidan chiqib bir necha marta urib, tan jarohati yetkazgan.

Tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotkizilgan X.Xushmatov 2021 yilning 11 iyul kuni soat 10:00 larda Sho‘rchi tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Denov tumani prokuraturasi tomonidan 2021 yil 11 iyul kuni X.Sheraliyev va T.Farmonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

X.Sheraliyev va T.Farmonovga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining 2021 yil 12 iyuldagi ajrimi bilan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Dastlabki tergov davomida marhum X.Xushmatovning o‘limiga sabab bo‘lgan barcha holatlar va aloqador shaxslar atroflicha tekshirilib, huquqiy baho beriladi. Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

“Tergov jarayonlari yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mamlakatimizda qonun buzilish holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini yana bir bor eslatib o‘tadi”, deyiladi qo‘mita munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 581
Reyting: 2.9
t
×