Senat “snos”, olib qo‘yilgan yer evaziga uy va kompensatsiya berishga oid qonunni qabul qildi
Jamiyat
−
28 may 2022
8056Endilikda O‘zbekistonda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishining aniq tartiblari amal qiladi. Unga ko‘ra, fuqarolarning mulk huquqi ta’minlanadi, hatto, yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, 15 yil davomida halol va uzluksiz mulkka egalik qilib kelganlar ham “snos”ga tushgan mulki uchun davlatdan konpensatsiya olishi mumkin. Bu bo‘yicha bugun, 28 may kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’qullangan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarda qaydlar bor.
Ta’kidlanishicha, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun yalpi majlis muhokamasiga qadar dastlab xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar bilan amaliyotda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar inobatga olingan holda bir necha bor muhokamadan o‘tkazilgan.
Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari belgilanmoqda.
Qonunda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati aniq qilib ko‘rsatilgan. Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, buzilishga tushgan hududda joylashgan yerga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lmay turib, o‘n besh yil davomida ko‘chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko‘chmas mulk ob’ekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’ekti qiymatining o‘rni qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida kompensatsiya komissiyalari tuzilishi belgilanmoqda.
Mazkur komissiyalar kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘liq hajmda berilishi ustidan muntazam monitoring va berilgan kompensatsiyalarning hisobi yuritilishini ta’minlaydi. Kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilmagan holatlar aniqlanganda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashiga axborot kiritilishi ham Qonunda belgilangan.
Qonunda jamoat ehtiyojlariga olib qo‘yiladigan yer uchun beriladigan kompensatsiya turlari va manbalari ham aniq ko‘rsatilmoqda. Xususan, beriladigan kompensatsiya turlari pul mablag‘lari, shu jumladan turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini mulk qilib berishdan iborat.
“Mazkur Qonunni ishlab chiqishda milliy an’ana va qadriyatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan, ya’ni bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish maqsadida huquq egalarining xohishiga ko‘ra, ularga bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar) berilishi belgilanmoqda”, deyiladi Senat axborotida