Senat rad etilgan qonun atrofidagi munozaraga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2021
4130Avvalroq, Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etilgani haqida xabar bergan edik. Bu ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda turli fikrlarni keltirib chiqarmoqda. Senat mazkur munozara va fikrlarga munosabat bildirdi.
“Parlamentda shunday bahs-munozaralar bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar mazkur jarayonga o‘z munosabatini bildirishi, albatta, demokratik nuqtai nazardan ijobiy baholanadigan holatdir. Chunki, bugun mamlakat qonun chiqaruvchi organi butunlay yangicha muhit va yondashuv asosida faoliyat olib bormoqda. Senatorlar ham muhokamaga qo‘yilgan barcha qonunlarni shunchaki ko‘r-ko‘rona ma’qullab yuboraverishmaydi.
Har bir hujjat yalpi majlisgacha juda ko‘p chig‘iriqlardan o‘tadi. Ekspertlar kengashi jalb qilinib, dastlabki tarzda qo‘mitalarda ko‘rib chiqiladi. Qonun tashabbuskorlari ham bu jarayonda bevosita ishtirok etadi. Qolaversa, xalq vakillari joyiga chiqqan holda mavjud holatni o‘rganadi. Ana shulardan keyingina rad etishga to‘la ishonch hosil qilinsa, qonun qaytariladi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, qonun qaytarildi degani — bu u batamom bekor qilindi degani emas. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Gap bu yerda qonunni puxta ishlash haqida ketyapti.
“Senatda muhokamaga qo‘yilgan hujjatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzatish kiritish vakolati yo‘q. Qonun yo ma’qullanadi yoki rad etiladi. Rad etilsa, u keyinchalik parlament vakillari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari bilan birgalikda yanada pishiq-puxta ishlanib, keyingi yalpi majlislarda qaytadan muhokamaga qo‘yiladi. Umumiy jarayon shunday.
Lekin ba’zi ijtimoiy tarmoqlar mana shu holatlarni atroflicha hisobga olmagan holda, bir yoqlama qarash orqali senatorlarni ijtimoiy tardbirkorlik nimaligini tushunmaslikda ayblashi, “shekilli”, “shunaqaga o‘xshaydi” degan taxminiy xulosalar bilan ular faoliyatiga baho berishi — bu professionallarga xos bo‘lmagan yondashuvdir. Sababi, parlament yuqori palatasi a’zolari turli sohalarni, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni yaxshi biladigan yetuk, malakali mutaxassislardir. Shu bois tashqaridan turib, qonunning mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor bo‘lmagan holda baho berish, shaxsiyatga yo‘naltirilgan fikrlarni aytish ahloqiy va huquqiy jihatdan ham to‘g‘ri emas”, deyiladi Senat munosabatida.
Shu bilan birga, Oliy Majlis Senati ijtimoiy himoyaga qarshi ekan, degan fikrga ham bormaslik kerakligi ta’kidlangan.
“Mutlaqo unday emas. Aksincha, senatorlar xalq vakillari bo‘lgani tufayli aniq va manzilli ijtimoiy himoya tarafdori hisoblanishadi. Ya’ni ijtimoiy siyosat parlament oldida turgan eng ustuvor vazifadir. Takror bo‘lsa ham aytish kerakki, qo‘yilgan masala qonunni yanada pishiq-puxta ishlash, maromiga keltirish bilan bog‘liq. Chunki, qonun, eng avvalo xalq manfaati uchun ishlashi kerak. Boshqa hech qanday sabab yo‘q.
Tadbirkorlarimizga bozor tamoyillariga muvofiq raqobat asosida faoliyat yuritishiga sharoit yaratish zarur, shundagina taraqqiyot, rivojlanish bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, tez orada Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinadi, barcha tadbirkorlar bitta, yagona Qonun asosida ish olib boradi. Ana shunda ko‘pgina masalalar yana o‘z yechimini topadi.
“Umuman aytganda, rad etilgan qonun yana ko‘rib chiqiladi. Maromiga yetgach, Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinadi. U qo‘llab-quvvatlansa, ma’qullanadi. Shu bois jurnalist va blogerlardan ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to‘g‘ri baholab, xolis munosabat bildirishlarini so‘rab qolamiz. Agar ular “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunni qayta ishlash jarayonlarida bevosita qatnashishni istasalar, marhamat, Senat bu borada ham ularga imkoniyat yaratib berishga tayyor”, deya kunlangan rasmiy munosabat.