Senat Qashqadaryoda zo‘rlangan ayol voqeasini nazoratiga oldi

Jamiyat

image

Avvalroq. Qashqadaryoda 26 yashar ayol 5 nafar erkak tomonidan zo‘rlangani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati mazkur voqeaga munosabat bildirib, uni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi. 

“Achinarlisi, ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bu holatni faqat ana shu omil bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi. Unutmasligimiz lozim, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz bo‘lsin, ko‘chada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek hech kim birovning axloqsizligini ro‘kach qilib, uni o‘zboshimcha jazolashga haqqi yo‘q”, deyiladi Senat axborotida.

Qayd etilishicha, nomusi toptalgan bu ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda ayrim niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.

“Shuning uchun masalaga bunday tor ma’noda yondashish yurtimizda tunda yurish zo‘ravonlik qurboni bo‘lishga sabab bo‘ladi degan mutlaqo noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishiga, natijada mamlakatimizda o‘rnatilgan qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo bo‘lishiga olib keladi.

Xulosa bitta – shaxsning erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrar”, deydi Senat.

Urg‘ulanishicha, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini nazoratga olgan.

Eslatib o‘tamiz, voqea joriy yilning oktyabr oyida ro‘y bergan. 5 nafar erkak tungi soat 1:30 da ko‘chada ketayotgan 26 yoshli M.T.ni majburlab mashinaga o‘tkazib, ovloq joyga olib borishgan va nomusiga tegishgan.

Hozirgi kunda jinoyatchilarning barchasi ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Senat

Baholaganlar

98

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing