Senat IIO xodimlari tasvirlarini tarqatish bo‘yicha yangi qonunni xaspo‘shlashga urindi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur masala 2023 yilning 28 noyabr kuni muhokama qilingandi. Taklif etilayotgan qonun loyihasida O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish nazarda tutiladi. Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195-2-moddani kiritishni taklif qilgan. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Parlamentning quyi palatasida Doniyor G‘aniyev, Umidjon Jabborov kabi deputatlar qonun loyihasiga qarshi ekanini bildirishiga qaramay, u uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Senat qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan muhokamada esa ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajriba o‘rganilganda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani, muayyan choralar belgilangani ta’kidlangan. 

“Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan. 

Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi”, deyiladi senat tomonidan e’lon qilingan xabarda. 

Qayd etilishicha, milliy qonunchilikda ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va bunga javobgarlik belgilanyapti.

Bu hali hammasi emas. Qonunga ko‘ra, transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik mavjud. 

Shuningdek, Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bildirilishicha, qo‘mita mazkur qonun bo‘yicha mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokamalar o‘tkazishni rejalashtirgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok bo‘lgan va 8 055 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made